Erishilgan natijalar qoniqarlimi?

Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasining birinchi yarim yillik faoliyati tahliliga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda viloyat, shahar, tuman Kengashlari deputatlarining faoliyati, kamchiliklar, aholi murojaatlari va ularning hal etilishi yuzasidan ma’lumotlari tinglandi.

Anjumanda ta’kidlandiki, mahalliy hokimiyat vakillik organlari bevosita ularni saylagan fuqarolar manfaatlarini himoya qilish, demokratik islohotlarni tatbiq etish, davlat dasturlari va me’yoriy-huquqiy hujjatlarning so‘zsiz ijro etilishi ustidan deputatlik nazoratini amalga oshirish uchun mas’uldir.

Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifasini hal etishda Senatning xalq deputatlari mahalliy Kengashlari bilan hamkorlik mexanizmini takomillashtirish, xalq deputatlari Kengashlari doimiy komissiyalari vakolatlarini ro‘yobga chiqarishda ularga amaliy va uslubiy yordam berish borasida aniq vazifalar yuklatilgan.

Mazkur komissiya tomonidan Namangan viloyatida yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish samaradorligini oshirishda deputatlar ishtiroki tahlil etildi. Shunga ko‘ra, viloyatdagi har qanday sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarlik yuzasidan soha xodimlariga kelib tushgan murojaat yoki ma’lumot o‘sha hudud deputatiga ham yuboriladi. Ushbu hamkorlikdagi harakat o‘z ijobiy samarasini bersa, keyinchalik uni ommalashtirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Anjumanda davlatimiz rahbarining 2017 yil 8 avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi, hududlarda olib borilayotgan ishlar holati tanqidiy o‘rganilganligi ta’kidlandi.

Mazkur o‘rganishlarda ma’lum bo‘ldiki, Toshkent shahri va viloyatining qator tumanlarida hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy tarmoqlari va ijtimoiy soha ahvolini bilish hamda mavjud muammolarni bartaraf etishda amaliy ko‘mak ko‘rsatish yuzasidan samarali natijalarga erishilgan.

Anjuman davomida ayni o‘rganishlar natijasi tahlili sifatida Andijon va Namangan viloyatlari, poytaxtimizning Olmazor, Chilonzor va Mirobod tuman xalq deputatlari Kengashlari faoliyati yuzasidan ma’lumotlar berildi.

Komissiyaning amalga oshirishi lozim bo‘lgan ishlari ko‘pligi qayd etilib, erishilgan natijalar tanqidiy-tahlil qilindi. Istiqboldagi rejalar xususida fikrlashildi. Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.

 

Barno Meliqulova, Farhod Abdurasulov (surat)O‘zA