Mamlakatimizda maishiy chiqindilarni boshqarish sohasida yangi tizim joriy qilindi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketishga ixtisoslashgan “Toza hudud” davlat unitar korxonalari va ularning 174 tuman, shahar filiallari tashkil etilib, 5 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Shu bilan birga, 2017 yilda 141 assenizatsiya mashinasi xarid qilindi. 304 chiqindi to‘plash shoxobchalari qurilib, 2 ming 651 chiqindi konteyneri bilan jihozlandi, 97 chiqindi poligoni tartibga keltirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida shu kabi masalalar muhokama etildi.
Tadbirda Prezidentning 2017 yil 21 apreldagi “2017-2021 yillarda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 2018 yil 18 maydagi “Maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar xususida batafsil axborot berildi.
Maishiy chiqindilarni kompleks boshqarish tizimini tashkil etish, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarda davlat boshqaruvi va ekologik nazoratni takomillashtirishga katta ahamiyat berilmoqda. Masalan, 2016 yilda obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan bor yo‘g‘i 1,3 million aholi (5 foiz) qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlari bilan qamrab olingan bo‘lsa, bugungi kunda tuman markazlari va qishloqlarda istiqomat qiluvchi 9,4 million aholiga (38 foiz) xizmat ko‘rsatilishiga erishildi. Joriy yilda qo‘shimcha 273 maxsus texnika xarid qilinishi tufayli hozir bu ko‘rsatkich 52 foizni tashkil etmoqda.
– Tizim ishini namunali yo‘lga qo‘yishda elektron bazani joriy qilish katta ahamiyat kasb etadi, – deydi qo‘mitaning AKT sho‘basi boshlig‘i Ruslan Yoqubov. – Shu bois “Toza hudud” davlat unitar korxonalarning tuman va shahar filiallarida “Billing” tizimi o‘rnatilib, elektron raqamli kalitlar bilan ta’minlandi. Bu tizimning afzalligi shundaki, unda har bir fuqaro o‘z hisobraqamini ochishi va to‘lov qilishi mumkin. Hozirgi kunda “Toza hudud” davlat unitar korxonalarida chiqindi tashish maxsus texnikalari harakatini masofadan kuzatish tizimi joriy etilib, 1 ming 174 maxsus texnikaga “GPS” navigatsiya uskunalari o‘rnatildi. Hududlardagi jami 296 poligonlar to‘liq xatlovdan o‘tkazilishi va “ArcGIS” dasturi bazasida yagona davlat kadastri shakllantirilishi bu boradagi ishlar ko‘lami uchun yanada ahamiyatli. Bugun ishtirokchilarga “my.uznature.uz” yangi ekologiya portalini namoyish etdik. Foto va video materiallarni joylashtirish imkoniyatini beruvchi ushbu maxsus veb-portalda berilgan har bir xabar bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish, atrof-muhit holati bo‘yicha jamoatchilik nazoratini o‘rnatish yo‘lidagi eng muhim qadamdir.

 

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA