Neft-gaz sohasidagi hamkorlik istiqbollari

“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatida 8 avgust kuni AQSHning “Air Products” kompaniyasi ijrochi difrektori, prezidenti va Direktorlar kengashi raisi Seyfi Gasemi boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqotda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi A.Sultonov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Tadbirda O‘zbekistonda neft-gaz sohasida tatbiq etilayotgan loyihalarga investitsiya kiritish masalalari muhokama qilindi.

“Air Products” kompaniyasi bilan hamkorlik nafaqat mamlakatimiz, balki mintaqa uchun ham manfaatlidir. Kompaniya rahbariyati tomonidan xorijiy sarmoyadorlar uchun eng istiqbolli, foydali va ishonchli bo‘lgan to‘rt mamlakat – O‘zbekiston, Xitoy, Saudiya Arabistoni va Rossiya Federatsiyasiga sarmoya kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilingani qayd etildi. Ushbu istiqbolli mamlakatlar ro‘yxati “Macro-Advisory” konsalting kompaniyasi ko‘magida o‘tkazilgan mustaqil audit asosida aniqlandi.

Audit natijalariga ko‘ra, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va kafolatlash, tadbirkorlar va investorlar huquqlarini himoyalash, moliya va sud-huquq tizimlarini isloh qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlarini joriy etish kabi mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish va yangilashning barcha sohalarini qamrab olgan keng ko‘lamli o‘zgarish va yangilanishlar tufayli O‘zbekiston nafaqat mintaqada, balki butun dunyoda investitsiyalar uchun eng istiqbolli davlatlar qatorida e’tirof etilgan.

Seyfi Gasemining ta’kidlashicha, “Air Products” kompaniyasi O‘zbekistonga uzoq muddatli to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni kiritishdan manfaatdor va mamlakatimiz bozorida to‘laqonli ishtirokchiga aylanish istagida. Kompaniya iqtisodiyotning turli tarmoqlari, jumladan, neft-gaz, kimyo, farmatsevtika, metallurgiya sohalaridagi loyihalarga sarmoya kiritishga tayyor. Bundan tashqari, tabiiy gazdan polimerlar ishlab chiqarish loyihasiga katta qiziqish bildirilib, barcha tarmoqlar ehtiyojlari va qo‘shni davlatlarga eksport qilish uchun sanoat gazlari ishlab chiqarishni tashkil etish o‘rganilmoqda.

AQSH kompaniyasi rahbari muloqot davomida Total, British Petroleum, SOCAR, UOP Honeywell kabi dunyoning yetakchi neft-gaz kompaniyalari top-menejerlari uchrashuvini O‘zbekistonda o‘tkazish taklifini ilgari surdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar neft-gaz, kimyo va metallurgiya sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ishchi guruh tuzish va ikki oy muddatda hamkorlik uchun aniq takliflar tayyorlashga kelishib oldi. Ushbu guruh “Air Products” kompaniyasi yetakchi mutaxassislari va mamlakatimiz yoqilg‘i-energetika majmuasi korxonalari vakillaridan tuziladi.

 

Matnazar Elmurodov, O‘zA