Toshkent davlat agrar universiteti Nukus filiali 4-kurs talabasi, endigina 24 yoshni qarshilagan O.Madreyimovning jinoyati yuzasidan sud hukmi o‘qildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi jinoyat ishlari bo‘yicha sudi tomonidan O.Madreyimovga 17 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Qimorga mukkasidan ketgan bu yigit umrining gullagan davrini panjara ortida o‘tkazishga majbur.

…O.Madreyimov yoshligida ota-onasi o‘rtasidagi oilaviy nizo sabab tog‘alari qo‘lida ulg‘ayadi. Qimorga aralashib qolganini sezgan tog‘asi G‘.M jiyanini bu yo‘ldan qaytarishga ko‘p harakat qiladi. Uradi, so‘kadi. Qimorxonaga borib, uni kiritmasliklarini iltimos qiladi. Hech qanday natija chiqmaydi. Jiyan esa, qing‘ir ishini davom ettiraveradi. Hatto o‘z uyidan pul o‘g‘irlaydi. Tog‘asining yig‘ib qo‘ygan 6 million so‘m mablag‘ini o‘marib, uni ham qimorda boy beradi.

So‘ng o‘g‘irlikni yashirish – o‘marilgan pullarni o‘rniga qo‘yishni o‘ylay boshlaydi. Tanishlaridan biri unga qishloqda foizga pul beradigan “opa” borligini aytadi. Surishtirsa, “opa” va uning o‘g‘li tanishi bo‘lib chiqadi.

Foizga pul beradigan T.Smaylovaning o‘g‘li O.Utemuratov u bilan maktabda birga o‘qigan. Uyda faqat ikkalasi yashashini yaxshi bilgan O.Madreyimov jinoiy reja tuzadi. 2018 yil 9 yanvar kuni yana qimorda yutqazib, spirtli ichimlik ichadi va onasi Z.Madreyimovaning uyiga boradi. Shu yerda jinoiy rejasini yanada “pishitib“ oladi. 10 yanvar kuni soat taxminan 11:30 larda Xo‘jayli tumani dehqon bozoriga borib, kirakashlik qilayotgan tanishi A.Matmuratovni uchratadi. Uning uyali telefonidan foizga pul beradigan opaning o‘g‘li O.Utemuratovga qo‘ng‘iroq qiladi. Nukus tumaniga mashinasida olib borib kelishini so‘raydi. Lekin O.Utemuratov hozir bandligi, Nukus shahrida yurgani, tushlikkacha uyga qaytib bora olmasligini aytadi.

Aslida O.Madreyimovning unga qo‘ng‘iroq qilishidan maqsad uyda kim bor-yo‘qligini bilish edi. Bu xabardan so‘ng u rejasini amalga oshirishga shoshildi.

Shunday qilib, tanish kirakashning mashinasida mo‘ljaldagi uyga keladi. Soat 12:30 lar chamasi. T.Smaylovaning uyiga keladi. Darvozani yoshi 60 yoshlardan o‘tgan ayol ochadi. Yigit darhol maqsadga o‘tib, qarzga pul berib turishini so‘raydi. T.Smaylova pul yo‘qligini aytganidan so‘ng cho‘ntagidan pichoqni olib ayolning yelkasiga uradi.

Kutilmagan bu holatdan T.Smaylova dovdirab qoladi. Qarshilik ko‘rsatib, qichqira boshlaydi. Jahl otiga mingan O.Madreyimov T.Smaylovaning sochidan ushlab, chap qo‘lidagi pichoq bilan tanasining turli joyiga 17 marta zarba beradi. Baqir-chaqirini eshitib, ichkaridan bir ayol “nima qilyapsiz” degancha yugurib chiqadi. Vahimaga tushib qolgan yigit qo‘lidagi pichoqni o‘sha yerga tashlab, tashqariga otiladi. Yo‘l-yo‘lakay qon sachragan do‘ppisini tashlab yuboradi, qolgan kiyimlarini onasi Z. Madreyimovaning uyiga borib tozalaydi.

Ichkaridan chiqqan ayol T.Smaylovaning qizi D.Abdimuratova bo‘lib, shu kuni tushlikka kelgan va ichkarida tanishi bilan telefonda gaplashayotgan edi. Tashqarida baqir-chaqirni eshitib yugurib chiqadi, yerda qonga bo‘yalib yotgan onasi va pichoq ushlab turgan yosh yigitni ko‘radi.

T.Smaylova jon holatda o‘rnidan turib, eshikka tiranib, tez yordam chaqiringlar, deydi-yu yiqiladi. “Tez yordam” kelavermagach, qo‘shnilar o‘g‘li O.Utemuratovga qo‘ng‘iroq qilishadi. O‘g‘il onasini o‘zining “Damas”ida shifoxonaga olib boradi. Jarohat juda og‘ir, vaqt esa o‘tib bo‘lgan edi. T. Smaylova kasalxonada vafot etadi.

10 yanvar kuni soat 14:00 larda O.Madreyimov onasi Z.Madreyimovaning uyiga keladi, birga choy ichadi. O‘g‘li o‘zi yashayotgan uydan (tog‘asining uyidan) 6 million so‘m pulni o‘g‘irlaganiyu, uni qimorda boy berganini eshitgan ona ham jahl otiga minadi. O‘g‘il yig‘laydi va birdaniga yuragini ushlab yotib qoladi. “Tez yordam” hamshiralari tinchlantiruvchi dori berganidan so‘ng uyquga ketadi.

Kechqurun uyga militsiya xodimlari kirib keladi…

Sudda barcha dalillar isbotini topib, sudlanuvchi aybiga iqror bo‘ldi va 17 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Jinoyatga jazo muqarrar. Lekin.. Ehtimol O.Madreyimov tug‘ilgan oila parokanda bo‘lmaganida, uning ota-onasi to‘g‘ri yo‘lni tutganida hammasi boshqacha bo‘lishi mumkin edi. Jinoyat ko‘chasiga kirib, bir oilaning boshiga musibat yog‘dirgan bola yaxshi tarbiya ko‘rganida jamiyatga nafi tegadigan mutaxassis bo‘larmidi? Savollar ketidan savollar…

Ha, vaqtida oldi olinmagan kichik bir e’tiborsizlik ham keyinchalik katta ko‘ngilsizliklarga sabab bo‘lishi mumkin.

 

Yesimxon Qanoatov, O‘zA