AQSH korporatsiyasi O‘zbekiston bilan neft va gaz sohasida hamkorlik qiladi

“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Alisher Sultonov “Halliburton” kompaniyasining sharqiy yarimshar bo‘yicha prezidenti, janob Jo Rey bilan uchrashdi.
“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tomonlar hamkorligining istiqbolli yo‘nalishlari muhokama etildi.
“Halliburton” AQSH transmilliy korporatsiyasi bo‘lib, dunyoning neft va gaz qazib olish sohasida xizmat ko‘rsatuvchi yirik kompaniyalardan biridir.
“Halliburton” kompaniyasining sharqiy yarimshar bo‘yicha prezidenti, janob Jo Reyning ta’kidlashicha, kompaniya mamlakatimiz bozoriga kirishga bir necha bor harakat qilgan. Bugun O‘zbekistonda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, iqtisodiy va siyosiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar ana shu imkoniyatni yaratgan. Kompaniya uzoq muddatli hamkorlik qilishga tayyordir.
Uchrashuvda “Halliburton” kompaniyasi O‘zbekistonda doimiy ofisini ochishi, past rentabelli quduqlardan suyuq uglevodorodlarni qazib olish hajmini oshirish bo‘yicha hamkorlik rejasini ishlab chiqish va tashqi bozorlardagi loyihalarda qo‘shma ishtirok etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

 

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA