O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisidagi nutqi haqida mulohazalar…
O‘zbekiston besh yil oldin Ozarbayjon zaminida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo bo‘lib kirganligi o‘zaro manfaatli va keng qamrovli hamkorlik uchun poydevor bo‘lgani e’tiborga molik.
Davr talab etayotgan muammolarni yakdillik bilan, o‘zaro kelishuvlar asosida hal qilish g‘oyasini dadillik bilan ilgari surgan Prezidentimizning shu xususdagi Bishkekdagi 6 noyabrdagi nutqida ham qardoshlik ruhidan kuch olish hissi ufurib turdi.
O‘zaro ishonch hamkorlikni mustahkamlasa, ishonchsizlik turli ziddiyatlarni keltirib chiqaradi. Prezident nutqi avvalida yetakchi davlatlar o‘rtasidagi raqobat va ishonchsizlik muhiti keskin kuchayotgani, ziddiyat va urush o‘choqlari ko‘payib, turli xavf-xatarlar yanada ortayotgani xususida so‘zladi.
Bundan barcha davlatlar xavotirga tushishi kerakligini, bu muammolarni birgalikda bartaraf etishga chaqirdi.
Chunki, dastavval, jahon ayvonidagi nizolar, ixtiloflar oqilona hal etilmasa, rejada belgilangan hamkorliklarga putur yetishi tayin. Bu esa savdo, investitsiya, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalardagi qo‘shma reja va katta loyihalarga jiddiy to‘siq bo‘lishi, shubhasizligi ta’kidlandi.
Qayta-qayta e’tiroflar shunchaki, qog‘ozda qolib ketmasligi muloqotlarni tizimli ravishda, yakdillikda aniq pozitsiyani faol ilgari surishga Tashkilot mas’ul bo‘lishi shart.
Prezident o‘z nutqida G‘azo sektori va Livandagi misli ko‘rilmagan gumanitar fojialarni tilga olib Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastin qochoqlariga yordam berish bo‘yicha maxsus agentligi faoliyatini cheklashga qaratilgan harakatlarni ham keskin qoraladi. O‘z vaqtida nizoning yagona yechimini ham qayd etdi. Bu xalqaro me’yoriy hujjatlar va rezolyutsiyalarga muvofiq, 1967 yildagi chegaralar asosida, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlatini tuzishdir. Xalqaro doiralarda Prezidentimiz tomonidan bot-bot eslatib kelinadigan Afg‘oniston masalasi ham chetda qolmadi.
Kengashdagi eng muhim masal: Turkiy dunyoni yanada jipslashtirish, uning mavqeini oshirish, o‘zaro manfaatli va do‘stona aloqalarimizni chuqurlashtirish, hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga asos bo‘luvchi tarixiy hujjat – Turkiy dunyo xartiyasining qabul qilinishi bo‘ldi.
Hamkorlikdagi faoliyatning beshta ustuvor yo‘nalishining alohida qayd etildi.
Tashkilotning shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish va mustahkamlash, iqtisodiy imkoniyatlar makonini yaratish, investitsiya jarayonlarining uzluksizligini ta’minlash, transport koridorlaridan samarali foydalanish, Raqamli turkiy dunyo konsepsiyasini ishlab chiqish tashabbusining ilgari surilishi yorqin istiqbolning ifodasi desak, xato bo‘lmaydi.
Shuning uchun ham turkiy ellar folklorining ko‘p jildli majmuasini a’zo mamlakatlar tillarida nashr etish tashabbusining Prezidentimiz tomonidan e’tirof etilishi jon va qon tomiri bo‘lgan bir bo‘lgan xalqlarni yanada jipslashtirishi aniq.
“Turkiy dunyo xartiyasi” – bu Turk tilli xalqlarining bir-biri bilan hamkorlik va hamjamiyatchilikni mustahkamlashga yo‘naltirilgan asosiy prinsiplar, qadriyatlar va maqsadlarni o‘z ichiga olgan hujjat. U turk dunyosidagi davlatlar va xalqlar o‘rtasidagi yagona madaniy, iqtisodiy va siyosiy munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgani bilan xarakterlanadi.
Xartiyaning mohiyatida turkiy tillarni muhofaza qilish va rivojlantirish – turk tilli xalqlarining madaniy merosini asrab-avaylash, qadriyatlar va urf-odatlar – o‘zaro madaniy almashinuv va turk xalqlarining tarixi, urf-odatlarini o‘rganish, ilmiy va iqtisodiy sohalarda hamkorlikni mustahkamlash, tinchlikni ta’minlash, terrorizmga qarshi kurashish va xalqaro xavfsizlikni ta’minlash kabi masalalar turadi.
Nutq bilan tanishar ekansiz, turkiy ellarning taqdiri va yorqin istiqboliga daxldorlik tuyg‘usini his etasiz. Ularni dunyoning rivojlangan davlatlar qatorida ko‘rish orzusi borligiga amin bo‘lasiz.
Rahimboy Jumaniyozov
“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti professori