Muvaffaqiyatga erishish sirlari

Hayotda aniq maqsad bilan yashagan kishi muvaffaqiyatga erishadi. Agar inson samimiylik bilan boshqalarga eng yaxshi mahsulot va xizmatni taklif qilsa, unda muvaffaqiyatga erishish imkoniyati keskin ravishda ortadi. Bunda fikr, so‘z samimiyligi muhim o‘rin tutadi. Samimiylik evaziga inson o‘z-o‘zini hurmat qilish tuyg‘usi hamda sevinish hissini tuyadi. Xullas, ichki “men” deb ataluvchi g‘ururi bilan kelishgan holda muvaffaqiyatga, mashhurlikka va boylikka erishish yoki aksincha qashshoqlikka va umidsizlikka tushib qolish mumkin. 
Yoshlar ittifoqi axborot xizmati xabariga ko‘ra, yorqin kelajakka undovchi va kishini ruhlantiruvchi mana shunday qimmatli maslahatlar Namangan shahrida Xalqaro biznes va texnologiyalar assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi Hikmat Abdurahmonov, “Ofiss market”raxbari Xasan Mamasaidov, “Deli.uz” rahbari Xusan Mamasaidov, “Edu-Action” asoschisi Umidjon Ishmuxammedov kabi tajribali tadbirkorlar tomonidan “Muvaffaqiyatga erishish sirlari” mavzusida o‘tgan mahorat darslari, amaliy seminarlarda yangradi.
“Global tadbirkorlik tarmog‘i” doirasida tashkil etilgan mahorat darslari hamda seminarlar doirasida “Yoshlar-kelajagimiz” shiori ostida Namangan “Yoshlar markazi”da 30 nafardan ortiq yosh tadbirkor, hunarmand va fermerlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
“Muvaffaqiyatga erishish sirlari” mavzusidagi kengaytirilgan mahorat darsi “Namangan yoshlar markazi”da bo‘lib o‘tdi. 340 nafardan ortiq yoshlar ishtirok etgan uchrashuvda kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari, uyushmagan yoshlar hamda yosh tadbirkorlar “Muvaffaqiyatga erishish sirlari”ni mamlakatimizning yetakchi tadbirkorlaridan o‘rganishdi.
Muvaffaqiyatga erishgan tajribali tadbirkorlar Namangan shahrida yaqinda ish boshlagan “Davlat xizmatlari” markazini borib ko‘rdi. Ular tashrif davomida aholi hamda tadbirkorlar uchun yaratilgan imtiyozlar va ko‘rsatilayotgan 100 dan ortiq xizmatlar bilan yaqindan tanishib, mutasaddi xodimlarga maslahatlar berdi.
– Istaklarning samimiyligiga bosh¬qalarni ishontirish ba’zan juda og‘ir kechadi. Lekin biznesni boshlagan inson shunga ham tayyor bo‘lishi kerak. Shuning uchun istaklar samimiy bo‘lmog‘i lozim, deya tushuntirdi “Ofiss market”raxbari Xasan Mamasaidov. – Ba’zan ish borasida paydo bo‘ladigan qiyinchiliklarni istaklaringizning samimiyligi bilan yengib o‘tishingiz mumkin. Agar qilayotgan mehnatingiz uchun olmoqchi bo‘lgan haqingiz halol va shunga arzigulik ekanligiga ishonsa, unda sizning sheriklaringiz ham fikringizga qo‘shiladi.
Yoshlarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini yanada rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan qator tadbirlarda jami 830 nafardan ortiq yoshlar ishtirok etdi.

 

O‘zA