BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi (COP29)da O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi parlament delegatsiyasi ishtirok etdi.
Konferensiya doirasida iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq muammolarni hal etish va ularga moslashuv jarayonlarini moliyalashtirish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan qator forumlar tashkil etildi.
T.Norboyeva forumda chiqish qilib, Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida qator tashabbuslar ilgari surilayotgani, dunyo hamjamiyatini bir bo‘lishga chorlovchi xalqaro takliflar bildirilganini qayd etdi. Buni amalda ro‘yobga chiqarish zarurligi va bugungi kunda bu muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Mamlakatimiz 2023 yilda iqlim o‘zgarishlariga moslashuv jarayonlarini moliyalashtirish yo‘nalishida MDH davlatlari orasida birinchilardan bo‘lib tarixiy qadam tashladi va 331 million dollarlik “yashil” suveren xalqaro obligatsiyalarni London fond birjasida joylashtirdi.
O‘zbekiston o‘zining geografik joylashuvi tufayli dengizga chiqish imkoniyati yo‘q davlat hisoblanishini e’tiborga olib, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev SOR29 sammitidagi nutqida dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan davlatlar uchun yurtimizda BMTning innovatsion agrosanoat xabini yaratish tashabbusini ilgari surdi.
Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston iqlim muammolariga qarshi kurashish va mintaqaning ekologik barqarorligini ta’minlash maqsadida bir qator muhim mintaqaviy va global tashabbuslar bilan chiqmoqda.
Jumladan, ekologik muammolarning mintaqaviy va transchegaraviy xususiyatini inobatga olgan holda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan ilgari surilgan “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yo‘lida hamjihatlik” to‘g‘risidagi BMT Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasi joriy yilda qabul qilindi.
Forumda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish va yangi tashabbuslarni amaliyotga keng joriy etishda parlamentlar darajasida hamkorlik keng istiqbolga ega ekanligi e’tirof etildi.
O‘z navbatida, hozirgi tahlikali va global ekologik muammolar avj olayotgan zamonda ushbu vazifalarni amalga oshirishda Parlamentlararo ittifoqning o‘rni va ahamiyati nihoyatda ortib borayotgani qayd etildi.
T.Norboyeva o‘z nutqida bu yo‘nalishda barcha parlamentlar qonunchilik sohasida o‘zaro tajriba almashishlari muhim ahamiyat kasb etishi, parlamentlarning ilmiy-tadqiqot institutlari, markazlari, yoshlar parlamentlari o‘rtasida muntazam hamkorlikni ta’minlash zarur ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, birgalikda tadqiqotlar o‘tkazish, ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqish va hukumatlarga taqdim etish amaliyotini keng joriy etish maqsadga muvofiq ekanligi bildirildi.
Norgul Abduraimova, O‘zA