Adabiy do‘stlik – abadiy do‘stlik

Boy madaniyatimiz, yuksak ma’naviyatimiz, ko‘hna va betakror tariximizni jahonga tarannum etishda adabiyotimizning ahamiyati beqiyos. Milliy so‘z san’atimizning yorqin namoyandalari bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Endilikda o‘zbek adabiyotining eng sara namunalarini jahon miqyosiga olib chiqish, bu yo‘nalishda dolzarb tadqiqotlar olib borish muhim ahamiyat kasb etadi.

Poytaxtimizda tashkil etilgan “O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilishning dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya milliy adabiyotimiz rivoji, uning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborining yanada yuksalishini ta’minlash, dunyo xalqlari bilan adabiy aloqalarni mustahkamlashdek maqsadlarni ko‘zlashi bilan diqqatga sazovor bo‘ldi.

Yozuvchilar uyushmasi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etilgan mazkur anjumanga yurtimiz va jahonning 25 davlatidan adib va shoirlar, mutarjimlar, adabiyotshunos olimlar, munaqqidlar,yosh ijodkorlar taklif etildi.

Konferensiya qatnashchilari dastlab Adiblar xiyoboni va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida bo‘lib, mamlakatimizda milliy adabiyotga qaratilayotgan ezgu sa’y-harakatlar ko‘lami, endilikda faoliyati davr ruhiga hamohang yo‘lga qo‘yilgan mazkur ijodiy tashkilotningfaoliyati bilan atroflicha tanishdi. Ishtirokchilar Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga tutash maydondagi Hazrat Navoiy haykali poyiga gullar qo‘ydi.

43-faqat saytga.jpg

Xalqaro konferensiya ham shu universitetda boshlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining xalqaro konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.Yo‘ldoshev o‘qib eshittirdi.

Xalqimizning azaldan adabiyotga mehri baland. Istiqlol yillarida milliy adabiyotimizni yanada ravnaq toptirish yangi rivojlanish bosqichiga kirdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi S.Sayyid, YUNЕSKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari D.Badarch, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining vitse-prezidenti B.Abduhalimov, Ozarbayjon Yozuvchilar birligiraisi, atoqli adib Anor, Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi U.Yesdavlat, Tojikiston Yozuvchilar ittifoqi raisi N.Qosim, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Sh.Sirojiddinov va boshqalar xalqlar, millatlar o‘rtasidagi ezgulik, do‘stlik muloqotining kengayishida, ma’naviyatning yuksalishida adabiyotning o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladi.

Darhaqiqat, yurtimizda adabiyot rivojiga milliy ma’naviyatimizni tobora yuksaltirishning muhim vositasi sifatida e’tibor qaratilmoqda. 2017 yil 3 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning yurtimiz ijodkor ziyolilari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida inson qalbini, uning dardu tashvishlarini, xalqning orzu-intilishlari, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini betakror so‘z, badiiy ta’sirchan ohanglarda tarannum etishni o‘z hayotining ma’no-mazmuni, deb bilgan ijodkor ziyolilar oldidagi muhim vazifalar belgilab berilgan edi.

Yurtimizda ilk bor o‘tkazilayotgan yirik mazmun va formatdagi anjumandata’kidlanganidek, adabiyot ahlining jahon miqyosidagi fikr almashinuvi, turli xalqlar adabiy-estetik tafakkurining bir-biriga yaqinlashuvi hayotiy zaruriyatdir. Yozuvchilar uyushmasi tomonidan badiiy asarlarni xorijiy tillarga tarjima qilish maqsadida milliy adabiyotimizning eng yaxshi namunalarini aniqlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Ayni paytda jahon adabiyotining eng sara namunalarini asliyatdan tarjima qilish, bunda yosh tarjimonlarning ijodiy mahorati va malakasini yuksaltirish dolzarbdir.

44.jpg

– Konferensiya ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan tabrik yo‘llangani mamlakatingizda milliy adabiyot rivojiga davlat miqyosida ko‘rsatilayotgan e’tibordan darak beradi, – deydi Tehron pedagogika universiteti professori, navoiyshunos olim Husayn Muhammadzoda Sidig‘. – Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn”, “Mezon ul-avzon” asarlariga risolalar yozganman. Ul zotning hikmatli so‘zlari, maktublarini to‘plab, fors tiliga tarjima qilganman. Navoiy asarlari lug‘atini yaratdim. Ushbu konferensiya adabiyot ahlining o‘ziga xos ijodiy muloqot maydoniga aylandi.

–Anjuman juda ko‘tarinki ruhda o‘tmoqda, – deydi Hindistonning Panjob shtati Yozuvchilar assotsiatsiyasi raisi Dev Raj Bxardvaj. – O‘zbek adabiyotidagi mualliflar o‘z hissiyotlarini jo‘shqin, beg‘ubor, sof tarzda ifoda etishi o‘quvchini ta’sirlantiradi. Milliy adabiyotingizning yetakchi namoyandasi Boburning benazir ijodi hind adabiyotiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazgan.

– Konferensiya juda qiziqarli ijodiy ruhda o‘tayapti, – deydi AQSHning Michigan universiteti aspiranti Kristofer Fort. – Amin bo‘ldikki, Prezident Shavkat Mirziyoyev adabiyotga, ijodkorlarga alohida e’tibor qaratadi. Cho‘lponning “Kecha va kunduz” romanini ingliz tiliga tarjima qildim. Hozir ham ayrim o‘zbek asarlari tarjimasi ustida ishlayapman. Menimcha, o‘zbek adabiyotining o‘ziga xosligi unda turli madaniyatlarning uyg‘unligidanamoyon bo‘ladi.

– Mazkur anjuman o‘zbek adabiyotining turli yo‘nalishlarida tadqiqotlar olib borayotgan olimlar, o‘zbek yozuvchi va shoirlari bilan atroflicha fikr almashish imkonini berayotgani bilan ahamiyatlidir, – deydi Tokio chet tillar universiteti professori Xisao Komatsu. – Abdurauf Fitrat, Mahmudxo‘ja Behbudiy asarlarini yapon tiliga tarjima qilayapman. Bu esa o‘tgan asr avvalidagi ijtimoiy-siyosiy, adabiy-madaniy muhitni, jadidchilik harakatining mohiyatinikengroq tahlil etish va o‘rganishga chorlaydi. Yurtingizda milliy adabiyot rivojiga ko‘rsatilayotgan ulkan e’tibor ushbu konferensiya ishining yuksak saviyada, jiddiy va ishchan ruhda tashkil etilayotganida ham yaqqol seziladi.

Anjumanda milliy adabiyotimizni ravnaq toptirish yo‘lidagi ezgu sa’y-harakatlar aks ettirilgan videorolik namoyish etildi. Ishtirokchilar tomonidansho‘balarga bo‘lingan holda o‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xorijda o‘rganish va targ‘ib etish, ularni boshqa tillarga tarjima qilish, badiiy tarjima sohasida mutaxassislar tayyorlashdagi xalqaro ilg‘or tajribalar, xalqaro ijodiy aloqalarni kuchaytirishning dolzarb masalalari atroflicha muhokama etildi.

Poytaxtimizdagi diqqatga sazovor maskanlar, kutubxona va muzeylar, tarixiy qadamjolar tadbir qatnashchilarida katta taassurot uyg‘otdi. Turli ijodiy uchrashuv va muloqotlar, kitoblar ko‘rgazmasi, mushoiralar tadbirga o‘zgacha zavq bag‘ishladi.

Xalqaro konferensiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Abduhakimov ishtirok etdi.

 

Nazokat Usmonova, Farhod Abdurasulov (surat) O‘zA