“Hukumat soati”

Unda turizmni rivojlantirish borasidagi ishlar muhokama etildi.
Yangi ish o‘rinlari yaratish, iqtisodiyotni diversifikatsiyalash va hududlarni jadal rivojlantirish, valyuta tushumi, aholining turmush sifati va daromadlarini oshirish, mamlakatning investitsiya jozibadorligi va imidjini yaxshilash kabilar mamlakat rahbariyati diqqat markazida turgan muhim masalalar sirasiga kiradi. Bu kabi ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarning hal etilishida milliy iqtisodiyotning eng muhim sektorlaridan biri hisoblangan turizmning o‘rni beqiyosdir.
Ayni paytda yurtimizda mazkur sohani rivojlantirish bo‘yicha izchil siyosat yuritilmoqda. Xususan, Prezidentimizning 2017-yil 16-avgustdagi qarori bilan tasdiqlangan “2018-2019-yillarda turizmni rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi” mamlakatimizda turizmni jadal taraqqiy ettirish, aholi bandligini ta’minlash, valyuta tushumini ko‘paytirish, infratuzilmalarni yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Joriy yilning 7-avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidadeputatlar birlashmalarining taklifiga binoan mazkur dasturning joylardagi ijrosi to‘g‘risidagi masala bo‘yicha deputatlarga axborot berish va ularning savollariga atroflicha javob qaytarish uchun O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari taklif etildi.
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, dasturda jami 53 ta tadbir ko‘zda tutilgan bo‘lib, shulardan 22 tasi bajarilgan, qolgan 23 tasi bo‘yicha tegishli vazirlik, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ishlar olib borilmoqda, 8 ta tadbirning doimiy ravishda o‘tkazilib borilishi nazarda tutilgan. Shuningdek, dastur doirasida 10 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilinib, amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimiz Prezidentining 2017-yil 4-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi konsullik yig‘imlari tariflariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori asosida yakka tartibdagi xorijiy sayyohlar uchun 30 kun muddatga beriladigan yagona kirish turizm vizalari joriy qilindi. Yakka tartibdagi xorijiy turistlar uchun kirish turizm vizalarini rasmiylashtirish narxi uchdan bir qismga kamaytirildi. Turistlar guruhi vizasini rasmiylashtirish uchun guruhlarning quyi chegarasi ikki barobarga (10 nafardan 5 nafarga) kamaytirildi.
Qo‘mita raisi o‘rinbosarining ta’kidlashicha, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, yurtimizga tashrif buyurishning to‘siqlarsiz amalga oshirilishini ta’minlash borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikda sayyohlik yo‘nalishlari, shu jumladan, Buyuk Ipak yo‘li yo‘nalishi bo‘yicha turistik marshrutlarni rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda.
Prezidentimizning 2018-yil 4-iyuldagi qarori asosida Yevropa va Osiyo – Tinch okeani mintaqasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni optimallashtirish maqsadida, respublikaning yagona geografik joylashuvini inobatga olgan holda 101 mamlakat fuqarolariga respublikaning aeroportlaridan tranzit sayohatchi sifatida harakatlanayotganda 5 sutka mobaynida vizasiz mamlakatda bo‘lish imkoniyati berildi. Bundan tashqari, agroturizmni rivojlantirish, hududlar kesimida turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha ham bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, bugungi kunga qadar respublikamizning ayrim hududlarida maxsus turizm zonalari tashkil qilinmoqda. Prezidentimizning 2017-yil 5-dekabrdagi farmoni asosida “Chorvoq” erkin turistik zonasi, Vazirlar Mahkamasining “Surxondaryo viloyatida turizm sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori doirasida Boysun, Sariosiyo va Sherobod kichik turizm zonalari tashkil etildi.
Qo‘mita raisi o‘rinbosari tomonidan bildirilganidek, milliy sayyohlik mahsulotlarini ichki va tashqi bozorlarda targ‘ib qilish borasida mamlakatimizning turizm salohiyatini xorijiy yirik turizm bozorlarida targ‘ib qilish doirasida “Dam olish dunyosi – 2017” xalqaro turizm ko‘rgazmasi va qator taqdimot tadbirlari tashkil etilgan. Xorijiy mamlakatlar elchilari, Yevropa tiklanish va taraqqiyot hamda Jahon bankining, shuningdek, G‘arbning yirik OAV – “BBC”, “CNN” va “Euronews” vakillari bilan 20 tadan ortiq uchrashuvlar o‘tkazildi. Qator xalqaro turizm forumlari va ko‘rgazmalari, jumladan, Madrid, Berlin, Moskva, Ostona, Tokio, Parij, Izmir shaharlarida tashkil etilgan yirik tadbirlarda qo‘mita mutasaddilari ishtirok etdi.
Mamlakatimizning 40 dan ortiq turizm tashkilotlariga Ispaniya, Polsha, Latviya, Koreya Respublikasi, Malayziya, Turkiya, Indoneziya kabi mamlakatlarning turoperatorlari bilan hamkorlik kelishuvlari o‘rnatishlariga ko‘maklashildi. Jahon hamjamiyatini mamlakatimizning turizm salohiyati to‘g‘risida xabardor qilish maqsadida 19 ta davlatning (Belgiya, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Italiya, Xitoy, Rossiya, Turkiya, Yaponiya va boshqalar) OAV vakillarining O‘zbekistonga tashrifi tashkil etildi.
“Hukumat soati” doirasida bo‘lib o‘tgan savol-javoblar chog‘ida mamlakatimizda turizmni rivojlantirish borasida sinovdan o‘tgan ilg‘orxalqaro tajribani o‘rganib, amaliyotga tatbiq etish, yangi sayyohlik yo‘nalishlarini ochish, foydalanilmayotgan imkoniyatlarni ishga solish, infratuzilmalarni xalqaro talablar asosida yaxshilash, bir so‘z bilan aytganda, maftunkor yurtimizga jahon sayyohlari oqimini kengaytirish masalasiga e’tiborni kuchaytirish lozimligi qayd etildi. Ushbu sohaga oid qonun hujjatlarini bugungi kun talablaridan kelib chiqib, yanada takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi. Xususan, “Turizm to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini takomillashtirish bo‘yicha taklif va mulohazalar muhokama etildi va ushbu hujjat loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish zarurligi ta’kidlab o‘tildi.
Tadbirda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari deputatlarning “2018-2019-yillarda turizmni rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi”ning joylardagi ijrosi, qo‘lga kiritilayotgan natijalar bilan bir qatorda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar borasidagi savollariga javob qaytardi.
Yig‘ilish yakunida mazkur sohadagi ishlar yuzasidan samarali parlament nazoratini olib borishga kelishib olindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati

 

O‘zA