“Alpomish” dostoni koreys tiliga tarjima qilinganini bilarmidingiz?

Ma’lumki, ayni paytda poytaxtimizda “O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilishning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur konferensiya doirasida yurtimizga tashrif buyurgan Janubiy Koreyalik turkshunos olim Ingyong O bilan suhbatlashdik.
“Alpomish” dostonini Koreyada ham sevib o‘qishadi. Janubiy Koreyalik turkshunos olim, Yevroosiyo va turk fanlari instituti direktori, Dongduk ayollar universiteti professori Ingyong O o‘zbek folkloriga qiziqishi katta bo‘lgan. U folklor asarlarimizni o‘rganib, “Alpomish” asarini koreys tiliga tarjima qilgan.
— O‘zbek adabiyoti dunyoda u qadar mashhur emas. Ammo o‘zbek tilidagi asarlar dunyo tillariga tarjima qilinishga, o‘rganishga loyiq. U xorijiy tillarga ko‘proq tarjima qilinsa o‘quvchilarini topishiga shubham yo‘q. Mening o‘zbek folklori va adabiyotiga qiziqishim katta. Hozirda zamonaviy o‘zbek adabiyoti va she’riyatini o‘qiyapman. Zamonaviy adabiyot namunalarini koreys tiliga tarjima qilish niyatidaman, – deydi o‘zbek tilida ravon intervyu bergan Ingyong O xonim.

 

Anora Sodiqova, O‘zA