“Xitoy mo‘jizasi”ning siri nimada?

“Bloomberg” kompaniyasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2018-yil yakunlari bo‘yicha Xitoy iqtisodiyoti Yevropa Ittifoqi tarkibidagi davlatlarni ortda qoldirib, jahonda ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib oladi.
Ekspertlarning taxmin qilishlaricha, 2022-yilga borib AQSH iqtisodiyotini ham ortda qoldiradi. Xo‘sh, xitoyliklarning muvaffaqiyatlari siri nimada?
Avvalo, o‘tgan asrning 90-yillarida sobiq ittifoq tarkibida bo‘lgan aksariyat davlatlar G‘arb iqtisodiyoti tamoyillarini shoshma-shosharlik bilan tatbiq etishdi. Biroq Xitoy boshqacha yo‘l tutdi: iqtisodiyotini isloh qilishda oddiy va milliy yo‘ldan bordi. O‘z iqtisodiyoti daxlsizligini saqlagan holda, G‘arbdan Xitoy xalqi uchun lozim bo‘lgan narsalarnigina olishni maqsad qildi. Ya’ni, Xitoy bozori xorijlik investorlarga darvozalarini keng ochdi, ammo bu shunday ustalik bilan bajarildiki, xorij kompaniyalariga yetakchilikni qo‘lga olishi imkoniyati berilmadi. Shu bilan birga xorijiy kompaniyalarga Xitoyning milliy ishlab chiqarish sohasi, jumladan, tibbiyot, choy va guruch yetishtirish bo‘yicha korxonalar barpo etish taqiqlandi. Bunda nafaqat iqtisodiy, balki ramziy ma’no ham bor edi: Xitoy G‘arb iqtisodiyotiga yuz burar ekan, o‘zining milliy an’analarida sobit turajagini bildirib qo‘ydi.
595641fa29ed5.jpg
Izoh: Mamlakatimizda o‘tgan asrning oxirlarida xorijiy investitsiya ishtirokida tashkil etilgan ayrim qo‘shma korxonalar iqtisodiyotimizda yetakchilikni qo‘lga oldi. Avtomobilsozlik, tamakini qayta ishlash singari sohalarida esa monopoliya yuzaga keltirildi. Ularga berilgan imtiyozlar bois, chetdan raqobatbardosh texnologiyalar kirib kelishiga yo‘l qo‘yilmadi. Bu esa mamlakatimizning ichida ham bunday ulkan monopolist korxonalarga raqobat muhitini tug‘diruvchi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish imkonini bermadi. Natijada bu korxonalar jahon bozoriga chiqishda yetarli darajada muvaffaqiyatlarga erisha olmadi.
Aytishlaricha, Xitoyning shu darajaga yetishida Mao Szi Dun muhim o‘rin tutar ekan. Uning o‘limidan so‘ng kommunistik partiya shunday xulosaga keladi: Mao amalga oshirgan islohotlar, siyosiy qarashlarning 80 foizi to‘g‘ri, 20 foizi esa noto‘g‘ri edi. Shu bilan o‘tmish mavzusi yopiladi. Iqtisodiyotdagi kamchilik va nuqsonlar uchun o‘tib ketgan rahbarlarning nomiga qora chaplashga yo‘l qo‘yilmaydi. Xitoy xalqining yutug‘i ham shundadir balki. Ular amalga oshmay qolgan islohotlarni, oxiriga yetkazilmagan katta rejalarni bajarish uchun bir yoqadan bosh chiqarib olg‘a yurishdi.
1790642.jpg
Izoh: Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti tomonidan amalga oshirilgan zalvorli va ulkan ishlarni yuksak baholadi, e’tirof etdi. Iqtisodiyotda e’tibordan chetda qolgan, mamlakatning jadal rivojiga to‘sqinlik qilayotgan muammolar yechimiga yangicha yondashuv joriy qilindi. Ammo shunday bo‘lsa-da, ba’zi quyi bo‘g‘in rahbarlari tarki odat amri-mahol deganlaridek, eskicha qarashlardan qutula olishmayapti. Yurtimizda sodir bo‘layotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar, islohotlar shiddati bilan tengma-teng qadam tashlash, jamiyatdagi nuqsonlarga barham berish o‘rniga o‘z uquvsizliklarini o‘tmishni qoralash bilan xaspo‘shlamoqchi bo‘lishyapti.
Xitoy muvaffaqiyatlarining yana bir siri, uning o‘tmishiga borib taqaladi. Qadimdan bu yerda hukmron tabaqa zimmasiga ulkan vazifalar yuklangan. Ularning mamlakat ijtimoiy ahvolidan doimo boxabar bo‘lishi talab qilingan. Xitoyning barcha mashhur sulolalarida hukmdorlar davlat amaldorlariga baho berishda ularning xalq bilan muloqotini birinchi o‘ringa qo‘yishgan. Ya’ni, amaldorning asosiy vazifasi xalqqa xizmat qilish bo‘lgan. Shu bois xitoylik yo‘lboshchilar doimo yuksak darajadagi mas’uliyati bilan boshqa yurt amaldorlaridan ajralib keladi va hozir ham shunday.
Kilamba_Kiaxi_-_May_2011_(3).jpg
Izoh: Bugun mamlakatimizda bevosita Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan g‘oya ustuvorlik qilmoqda. Bu esa shubhasiz, boshqaruv tizimidagi barcha bo‘g‘in rahbarlaridan xalq manfaatini barcha narsadan ustun qo‘yishini talab qiladi. Lekin bir narsani taassuf bilan ta’kidlash lozimki, xalqimiz azaldan amaldorlarga xizmat qilish kerak, degan tushuncha bilan yashagan. Bir zamonlar xonlar, keyin Chor Rossiyasi amaldorlari, keyin sobiq kompartiya rahbarlari og‘zidan chiqqan bir og‘iz so‘zga mahtal turishgan.
Eng yomoni amal kursisiga o‘tirgan amaldorlarning tabiatiga ham xalq ularga xizmat qilishi kerak, degan tushuncha singib ketgan. Bu qusurlardan qutulish esa oson kechmasligini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi.
Xitoy G‘arb iqtisodiyotini joriy qilishdan avval, erkin iqtisodiy hududlarga alohida e’tibor qaratdi. EIH xorijiy investitsiyalar kiritishning asosiy omiliga aylandi. Oldiniga bunday hududlar dengizbo‘yi viloyatlaridagina tashkil qilindi. Ular sinovdan o‘tib, natija bergachgina ommalashtirildi. Xitoy bozor iqtisodiyotiga o‘tishda to‘rtta tamoyilga e’tibor qaratdi:
Birinchidan, davlat tasarrufidagi mulklar xususiylashtirilmadi, balki xususiy sektor vakillariga katta-katta korxonalar barpo etishi uchun ko‘maklashildi.
Ikkinchidan, mamlakatga kelgan xorijiy investorlarga qat’iy talablar qo‘yildi. Xitoy ularga ulkan iste’mol bozorini taklif qilish barobarida, ulardan zamonaviy texnologiyalarni talab qildi. EIHlarda xorijning yirik kompaniyalari yoki kiyim-kechak tayyorlaydigan korxonalari ro‘yxatdan o‘tolmas edi. Lekin korxona yoki fabrika qurib, uni zamonaviy xorij texnologiyasi bilan jihozlagan xorij kompaniyalariga katta imtiyozlar yaratildi.
Uchinchidan, xitoy pul birligining barqarorligini saqlab qolishga alohida e’tibor qaratildi. Bunda bosh mezon aholining moliyaviy idoralarga bo‘lgan ishonchini yo‘qotmasligi bo‘ldi.
 
To‘rtinchidan, 1990-yillarning oxiridan Xitoy hududida ishlab topilgan xorij valyutasini olib chiqib ketish uchun maxsus ruxsatnoma tizimi joriy qilindi. Bu cheklov ham naqd, ham naqdsiz valyutalarga nisbatan kuchda bo‘ldi. Natijada Xitoy o‘zining valyuta zaxirasini to‘plab oldi. Shuni ta’kidlash kerakki, hududda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijlik kompaniyalar ham noqonuniy yo‘llar bilan valyutani chiqarib ketishga urinishmasdi. Sababi, EIHda ro‘yxatdan o‘tgan xorij korxonalari faoliyatlarining ilk ikki yilida davlat byudjetiga hech qanday soliq to‘lamas edi.
8723302468_2f195058ba_b.jpg
Izoh: Xorijiy investorlarni jalb qilish uchun erkin iqtisodiy hududlar barpo etish bizda ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Ayniqsa, keyingi ikki yil ichida bunday hududlar soni oshib, u yerga keladigan xorij kompaniyalariga katta imtiyozlar yaratildi. Ta’kidlash kerakki, bugun butun O‘zbekistonni EIHga qiyoslash mumkin. Chunki, mamlakatimizga sarmoya kiritishni istagan xorijlik investorlarga barcha eshiklar ochiq. Yana bir narsaga e’tibor qaratish lozim, Xitoyda doimo tadbirkorlar, savdogarlarni hurmat qilishgan. Ammo qadimiy Tan va Sun sulolalari davridayoq hokimiyat tizimiga ishga olinmaydigan tabaqalar ro‘yxatiga savdogarlar ham kirgan. Ularning dunyoqarashi va xarakteri hokimiyatni boshqarishga to‘g‘ri kelmaydi, deb hisoblangan. Bugun ham Xitoyda ana shu qarash mavjud. U yerda hokimiyat tepasiga xususiy sektor vakillarining kelishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Yoki aksincha, markaziy kompartiyaning nufuzli rahbarlari birorta yirik korxonani boshqarishi mumkin emas.
40208288.jpg
Izoh: Mamlakatimizda tadbirkorlarga ulkan imkoniyatlar yaratilgan. Shuningdek, xususiy korxona rahbarlari mas’uliyatli davlat lavozimlarida ishlashiga ham hech qanday monelik yo‘q. Ammo xitoyliklar kabi bizda ham mutasaddi rahbarlar, ularning farzandlari tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi borasida jiddiy o‘ylansa, foydadan xoli bo‘lmasdi. Zero, guvohi bo‘lyapmizki, ba’zan uzoq yillar yuqori lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan rahbarlarning yaqinlari tomonidan tadbirkorlik bahonasida ko‘plab qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilmoqda. Bu esa shubhasiz, xalqning haqli noroziliklariga sabab bo‘ladi.
Xullas, Xitoy dunyodagi biznes munosabatlarini o‘zgartira oldi. Xitoy mahsulotini bugun dunyoning istalgan joyida uchratish mumkin. XXI asrga kelib u chindan ham “dunyo fabrikasi”ga aylandi. Jahondagi fotoapparatlarning 50 foizi, konditsionerlarning 30 foizi, kir yuvish mashinalarining 25 foizi va sovutgichlarning qariyb 20 foizi aynan Xitoyda ishlab chiqarilar ekan. Mobil telefonlar haqida gapirmay qo‘ya qolaylik.

 

Akbar Qarshiyev, O’zA