Prezidentimiz joriy yil 8 noyabrda “Qishloq xo‘jaligi kooperativi to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, 1998 yildagi qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) to‘g‘risidagi qonunning o‘rnini bosuvchi ushbu qonun qishloq xo‘jaligi kooperativlarini tuzish, a’zolikka qabul qilish, nazorat qilish, tashqi auditdan o‘tkazish, boshqarish, qayta tashkil etish va tugatish, shuningdek, davlat va kooperativlar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soladi.

Hujjatda qishloq xo‘jaligi kooperativi qishloq xo‘jaligi faoliyatini yuritish maqsadida jismoniy va (yoki) yuridik shaxslarning pay usuli asosida ko‘ngilli ravishda birlashuvidan tashkil topgan mustaqil tijorat tashkiloti sifatida belgilangan. Kooperativ yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi shart.

Pay qishloq xo‘jaligi kooperativi mol-mulkining muayyan nominal qiymatga ega bo‘lgan, tashkilot a’zosining mol-mulkni shakllantirishdagi ishtiroki miqdorini aks ettiruvchi qismidir. Pay pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk ko‘rinishida bo‘lishi mumkin. Pay badali ovoz berish huquqini va kooperativ faoliyatida ishtirok etish huquqini beradi.

Bunday kooperativlarning asosiy maqsadi ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, xarajatlarni kamaytirish va kooperativ a’zolarining daromadlarini ko‘paytirish uchun resurslar va kuchlarni birlashtirish hisoblanadi.

Qishloq xo‘jaligi kooperativi kamida yetti nafar jismoniy va (yoki) yuridik shaxs tomonidan tuzilishi mumkin. Shuningdek, kamida uch kooperativdan iborat qo‘shma kooperativ ham tashkil etilishi mumkin.

Kooperativ tuzishga qaror qilgan jismoniy va yuridik shaxslar ta’sis qo‘mitasini tuzishlari lozim. Ushbu qo‘mitaning asosiy vazifalari kooperativ ustavi loyihasini tayyorlash va bo‘lajak kooperativ ta’sischilarining ta’sis yig‘ilishini o‘tkazishdan iborat.

Ta’sis yig‘ilishida asosiy qarorlar qabul qilinadi: ustav tasdiqlash, kooperativni rasman tuzish va uning safiga a’zolarni qabul qilish. Jismoniy shaxslar uchun to‘liq ism va manzillar, yuridik shaxslar uchun esa ularning vakillarining vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar ko‘rsatiladi.

16 yoshga to‘lgan jismoniy shaxslar shuningdek, kooperativ ustavi talablariga javob beradigan yuridik shaxslar kooperativ a’zolari bo‘lishi mumkin. Agar kooperativ ustavida bunday taqiq bo‘lmasa, ushbu tashkilotning a’zosi bir yoki bir nechta kooperativda a’zo bo‘lishi mumkin.

Kooperativga aloqador bo‘lmagan jismoniy shaxslar va kompaniyalar ushbu tashkilotga investor sifatida kirishi mumkin.
Qonun bilan qishloq xo‘jaligi kooperativi boshqaruv organlarining, shu jumladan, kooperativ umumiy yig‘ilishi, boshqaruvi va kuzatuv kengashining aniq vazifalari, vakolatlari, huquq va majburiyatlari belgilanmoqda.

Hujjatda qishloq xo‘jaligi kooperativiga kirish va undan chiqish, kooperativ a’zolarining huquq va majburiyatlari, ularning hisobotini yuritish, pay badallarini to‘lash bilan bog‘liq qoidalar ham o‘z aksini topgan.

Kooperativ qishloq xo‘jaligi sohasida xizmatlar ko‘rsatish bilan bir qatorda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va sotish, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish shuningdek, qonun bilan taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlari bilan shug‘ullanish huquqiga ega.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, hozirda O‘zbekistonda 835 ta agrosanoat klasteri, 90 mingdan ortiq fermer xo‘jaligi va 190 dan ziyod kooperativ faoliyat yuritmoqda.

Ushbu qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA