Qonunchilik aliment to‘lashdan bo‘yin tovlashga yo‘l qo‘ymaydi!

Adliya vazirligi “Huquqiy axborot” kanalida fuqarolarga aliment bilan bog‘liq qonunchilikdagi normalarni yana bir karra eslatdi.
Aliment to‘lash bo‘yicha sud qarorini bajarishdan bo‘yin tovlagan shaxslar ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi, ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Bunda ma’muriy jazo sifatida o‘n besh sutkaga ma’muriy qamoqqa olish belgilanadi.
Ma’muriy qamoq qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan shaxslar (homilador yoki uch yoshgacha bolasi bo‘lgan ayollar, o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolasini o‘zi tarbiyalayotgan shaxslar, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar, I va II guruh nogironlari)esa eng kam ish haqining yigirma baravari (3 686 000 so‘m) miqdorida jarima to‘laydi.
Agar ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin ham shaxs bolaga aliment to‘lamasa unda jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Jinoiy jazo ushbu jinoyat uchun ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish deb belgilangan.
Agar shaxs aliment bo‘yicha qarzdorlikni to‘liq qoplagan bo‘lsa, u javobgarlikdan ozod qilinadi.

 

O‘zA