Yaponiyalik investorlar yangi loyihalarni amalga oshirmoqda

“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatida “Yaponiya – O‘zbekiston Buyuk ipak yo‘li” fondining tashqi savdo, investitsiyalar va infratuzilma bo‘yicha ishchi guruhi raisi Mamoru Sekiyama boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda “O‘zbekneftgaz” AJ bilan Yaponiyaning “Toyo Engineering Corporation”, “Marubeni Corporation” kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlikning ulkan samarasi Buxoro neftni qayta ishlash zavodi va “Sho‘rtan” gaz-kimyo majmuasi faoliyatida o‘zining yorqin ifodasini topayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston sanoatida Yaponiya texnologiyalaridan unumli foydalanilmoqda. Ayniqsa, “Sintetik suyuq yonilg‘i ishlab chiqarishni tashkil etish” loyihasi doirasida “Hitachi” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan Fisher-Tropsh reaktorlari gaz-kimyo tarmog‘i rivojida qo‘l kelmoqda.
Yaponiyalik hamkorlar “O‘zbekneftgaz” AJning investitsion loyihalarida ishtirok etishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Investorlar gaz-kimyo majmualarini jihozlar bilan ta’minlashga qiziqish bildirmoqda.
Muzokara yakunida birgalikda neft-gaz sanoati sohasidagi hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini batafsil o‘rganish, yangi loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga kelishib olindi.
O‘zA