Xabaringiz bor, 5 noyabr kuni AQSHda butun dunyo e’tiborini jalb qilib turgan muhim siyosiy jarayon – 60-prezidentlik saylovi o‘tkaziladi. Ma’lumki, Qo‘shma Shtatlar tarizida prezident va vitse-prezident lavozimiga nomzodi ilgari surilgan siyosatchi xotin-qizlar ko‘p emas.
Ulardan biri – vitse-prezident Kamala Xarris agar saylovda g‘alaba qozonsa, Amerikaning birinchi ayol prezidentiga aylanadi.
O‘tmishda ko‘plab amerikalik ayollar prezident yoki vitse-prezident bo‘lishga harakat qilgan, biroq ularning aksariyati kuchsizroq partiyalardan nomzod bo‘lgani uchun muvaffaqiyat qozona olmagan.
Umuman, AQSH ayol siyosatchilari orasida eng mashhurlari Xarris va Xillari Klinton.
So‘nggi yillarda mamlakat siyosiy maydonida ayollarning ta’siri kuchaydi. 2024 yilgi prezidentlik saylovi ushbu faollikni yana bir bor ko‘rsatdi.
Birinchi ayol vitse-prezident
Kamala Xarris 1964 yil tug‘ilgan. Onasi hindistonlik, otasi yamaykalik. Huquqshunoslik diplomini olgach, Kamala faoliyatini Alameda okrugi prokurori sifatida boshlagan. 2003 yil San-Fransisko okrugining ilk ayol prokurori, 2010 yil esa Kaliforniya shtati birinchi ayol bosh prokurori bo‘ldi. 2017 yil Xarris Kaliforniyadan saylanib, ikkinchi afro-amerikalik ayol va tarixdagi birinchi janubiy osiyolik-amerikalik senatorga aylandi.
2019 yil o‘sha paytdagi senator Demokratik partiyadan prezidentlik poygasiga qo‘shildi. Dastlab saylov kampaniyasi yaxshi boshlandi, lekin so‘rovlar g‘alaba qozonish imkoniyati pastligini ko‘rsatgach, siyosatchi nomzodini qaytardi. Keyinroq Kamala Xarris Jo Baydenni qo‘llab-quvvatladi va o‘z navbatida vitse-prezident lavozimiga nomzodini qo‘yishini aytdi. Shu yil avgust oyida Bayden Xarrisni vitse-prezidentlikka nomzod sifatida tanladi. Noyabrda bo‘lib o‘tgan saylovdagi g‘alabadan so‘ng Xarris Qo‘shma Shtatlar vitse-prezidenti lavozimini egallagan birinchi ayol, birinchi qora tanli ayol va birinchi janubiy osiyolik-amerikalik bo‘ldi.
Klinton – prezidentlikka nomzod birinchi ayol demokrat
Xillari Klinton 1947 yil AQSHda tug‘ilgan, siyosiy faoliyatini Respublikachilar partiyasida boshlagan.
Xillari Bill Klintonga Yel universitetini tamomlagandan so‘ng turmushga chiqqan. U Oq uyga eri ilk bor Arkanzas shtati gubernatori, keyin 1992 yil prezident bo‘lganda kirgan.
Klinton faol siyosiy karerani davom ettirdi va 2000 yil Nyu-Yorkdan senator etib saylandi. Bu mintaqadan ilk ayol senator chiqishi edi. 2006 yil lavozimiga qayta saylandi.
Xillari Klinton 2008 yil prezidentlikka nomzodini qo‘ygan bo‘lsa-da, raqibi, o‘sha davrning kuchli siyosatchilaridan biri Barak Obamaga yutqazdi. 2009 yil Senatdagi lavozimini topshirdi va Obama ma’muriyatida Davlat kotibi sifatida ish boshladi. 2015 yil yana demokratlar tomonidan prezidentlik saylovi uchun nomzod qilib ko‘rsatildi va AQSHning yirik siyosiy partiyasi tomonidan prezidentlikka ko‘rsatilgan birinchi ayol bo‘ldi.
Klinton 2016 yil saylovchilar kollegiyasiga ovoz berishda raqibi Donald Trampga yutqazgan.
Chey-Smit – prezidentlikka nomzod ilk respublikachi ayol
Margaret Chey-Smit 1897 yil Meyn shtatida tug‘ilgan. Ilk siyosiy tajribani turmush o‘rtog‘ining maslahatchisi sifatida olgan. 1940 yil aprel oyida erining erta vafotidan keyin u Qo‘shma Shtatlar parlamenti palatasida ish boshlab, sakkiz yil o‘tgach, AQSH Senatidan muvaffaqiyatli o‘rin egalladi. 1948 yil Chey-Smit Kongress tarixida ikkala palataga saylangan birinchi ayol bo‘ldi.
Ayollar huquqini ta’minlash, ta’lim va sog‘liqni saqlashni rivojlantirishdagi sa’y-harakati bilan tanilgan Chey-Smit 1964 yil Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzodi ko‘rsatilgan ilk ayol sifatida tarixga kirdi.
Prezidentlikka nomzod ilk qora tanli ayol
AQSHning birinchi qora tanli kongressmeni Shirli Chisholm 1924 yil Nyu-Yorkda tug‘ilgan. Siyosiy faoliyati tenglik, ijtimoiy adolat va qashshoqlikni bartaraf etish kabi masalalarga qaratilgan. 1968 yil u Nyu-Yorkdan Kongress Vakillar palatasiga saylangan.
Shirli 1972 yilgi prezidentlik saylovida Demokratik partiyadan nomzod birinchi qora tanli ayol sifatida tarixga kirdi. O‘sha davrda Chisholmga teledebatda qatnashishga ruxsat berilmagan. Sudga da’vo qilgandan keyin televizor orqali faqat bir marta nutq so‘zlay oldi, xolos. Binobarin, Chisholm nomzodini ilgari surish orqali boshqa qora tanli siyosatchilarni ham ilhomlantirgan.
Prezidentlikka birinchi ayol nomzod
1838 yil AQSHda tug‘ilgan Viktoriya Vudxall ayollar huquqi himoyachisi, mamlakatda muhim ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar tashabbuskori edi. Prezidentlikka nomzod va ayollar huquqi faoli sifatida u turli sohalarda ayollar uchun teng huquqqa yo‘l ochdi.
1872 yil prezidentlikka da’vogarlik qilgan Vudxall Qo‘shma Shtatlarda eng yuqori lavozim egallagan birinchi ayol sifatida tanilgan. O‘sha payt mamlakatda ayollar ovoz berish huquqiga ega bo‘lmagani uchun Vudxallning nomzodi faqat ramziy ahamiyatga ega edi.
Go‘zal Sattorova tayyorladi.
O‘zA