G‘azo sektorida HAMAS siyosiy byurosining a’zosi o‘ldirildi

Hafta oxiriga kelib, Isroil mudofaa kuchlari HAMASning anklavdagi boshqa guruhlar bilan aloqalar uchun mas’ul bo‘lgan a’zosi Izz ad-Din Kassab sektor janubidagi Xon Yunus shahri yaqiniga berilgan havo hujumida halok bo‘lganini xabar berdi. SAXAL bayonotida aytilishicha, Kassab HAMAS siyosiy byurosining G‘azo sektorida tirik qolgan so‘nggi yuqori martabali a’zolaridan biri hisoblanadi.

So‘nggi 7 kunda “Hizbulloh” guruhining tayinlangan yangi Bosh kotibi Shayx Naim Qosim o‘zidan oldingi shahid Sayyid Hasan Nasrullohning merosini davom ettirishga ont icharkan, “Biz urush rejalashtirgan voqealar asnosidagi qarshilik harakatimizni o‘zgartirmaymiz”, dedi.

Yangi rahbar ilk televizion nutqida Livandagi qarshilik harakati Isroil rejimiga qarshi kurashda sobit qolishini ta’kidladi.

AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostin V-52N strategik bombardimonchi samolyotlari va bir nechta harbiy kemalarni Yaqin Sharqqa jo‘natishni buyurgan. Bunga sabab AQSHning USS Abraham Linkoln aviatashuvchisi va unga hamrohlik qiluvchi uchta kemaning mintaqani tark etishi sabab bo‘lgan. Isroilda G‘azo urushi boshlanganidan buyon birinchi marta bunday holat kuzatilishi. Ammo bu vaqtinchalik bo‘lib yaqin orada boshqa turdagi aviatashuvchi O‘rta yer dengiziga yetib keladi.

Yahudiy davlati G‘azo va Livanga hujumlarini tindirmayapti. Qurbonlar soni oshib bormoqda. Endi esa Isroil Eron zarbalariga tayyorgarlik ko‘rayotgani aytilyapti. Hujum ko‘lami 1 oktyabrdagidan-da kuchli bo‘lishi kutilmoqda. Avvalroq CNN nashri raketalar AQSH saylovlari oldidan yo‘llanishini yozgan edi.

Shunday bo‘lishiga qaramasdan mintaqada keskinlik bilan birga tinchlik kelishuvlari ham davom etmoqda. Isroilning davlatga qarashli “Kan” teleradiokompaniyasi Livan bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv loyihasini e’lon qildi. Hujjatda 1701-rezolyutsiyaga binoan, mamlakat janubi faqat Livan qurolli kuchlari va BMT tinchlikparvar missiyasi tomonidan nazorat qilinishi ta’kidlangan.

Isroil o‘t ochish to‘xtagandan keyin yetti kun ichida qo‘shinini to‘liq olib chiqib ketadi.

Bitim imzolangan paytdan boshlab Isroil armiyasi va Livanning shia harakati “Hizbulloh” tomonidan o‘t ochishni to‘xtatish to‘liq ta’minlanishi kerak. Yarashuv muddati 60 kunni o‘z ichiga oladi. Bu davrda Livan armiyasi va BMT vaqtincha kuchlari Litani daryosi janubida “Hizbulloh”ni to‘liq qurolsizlantirishi va guruh infratuzilmasi buzib tashlanishini ta’minlashi lozim. Shuningdek, hududda hech qanday boshqa qurolli guruhlar ham bo‘lmasligi kafolatlanishi lozim.

Isroil o‘z mudofaa armiyasi bo‘linmalarini bir haftada Livan janubidan olib chiqib ketadi. Jarayon AQSH va yana bir necha mamlakat nazorati ostida kechadi.

O‘t ochish to‘xtagach, Livan armiyasi quruqlik, havo va dengizdagi barcha chegara hududlariga joylashtiriladi. Ta’kidlanishicha, BMT Xavfsizlik kengashi 2006 yil qabul qilgan 1701-rezolyutsiyaga asosan hamda turli guruhlar qayta qurollanishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, Livan hukumati mamlakatga olib kirilayotgan yoki mahalliy sharoitda ishlab chiqarilayotgan har qanday qurolni nazorat qilishi shart.

Hujjatning ushbu bandini amalga oshirish uchun hukumat mamlakat xavfsizlik kuchlariga zarur vakolatni beradi.

Ikki oy davomida Isroil va Livan BMT rezolyutsiyasini to‘liq bajarish va chegara bahsini hal qilish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki AQSH orqali muzokara olib boradi. Shuningdek, urushni to‘xtatishga rioya qilishni ta’minlash uchun yangi Xalqaro monitoring mexanizmi yaratiladi.

Isroil va Livan zarurat tug‘ilganda o‘zini o‘zi mudofaa qilish chorasini ko‘rishga haqli. Yana bir alohida bandga ko‘ra, agar Livan hukumati o‘z hududida xavfni bartaraf qila olmasa, jumladan og‘ir qurol, raketa va boshqa zamonaviy aslahalarni ishlab chiqarish, saqlash va tashishga to‘siq qo‘ya olmasa, Isroil bunday tahdiddan himoyalanish huquqini o‘zida saqlab qoladi. Mazkur hujjat lohihasi allaqachon Isroil siyosiy idoralariga taqdim etilgan.

G‘azodagi kelishuvi bo‘yicha esa HAMAS rasmiysi guruh doimiy o‘t ochishni to‘xtatish va Isroilning G‘azodan to‘liq chiqib ketishiga olib kelmaydigan kelishuvni rad etishini aytdi va hozirda muhokama qilinayotgan taklif qabul qilinishi mumkin emasligini ma’lum qilgan. Ayni paytda Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri CNN telekanaliga bergan intervyusida Isroil bilan munosabatlarni normallashtirish istiqboli falastinliklarga mustaqil davlat berilmasdan turib, biror narsaga erishish qiyinligini bildirgan.

HAMAS tomonidan 2023 yil 7oktyabr kuni Isroil hududidagi hujum paytida qo‘lga olingan 251 asirdan 97 nafari G‘azoda saqlanmoqda, jumladan, Isroil harbiylari ularning 34 nafari halok bo‘lganini da’vo qilmoqda. O‘tgan yilning noyabr oyida bir hafta davom etgan sulh davomida 100 dan ortiq asir ozod etilgan. Ushbu hafta G‘azoda halok bo‘lganlar soni 43 ming nafardan oshib ketdi.

Rossiyaga KXDR yordami

Rossiya-Ukraina qarama-qarshiligi davom etar ekan, rus kuchlari hafta davomida Ukrainaning bir nechta qishloqlarini egallab oldi. Shuningdek, Moskva qish oldidan dushman shaharlarini elektrsiz qoldirish uchun elektr stansiyalariga zarba berayotgani ma’lum. Ukraina Bosh shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, oktyabr oyida Rossiya tomonidan 2023 ta dron uchirilgan, shundan 1185 tasi Ukraina havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirilgan. Umuman olganda, Rossiyaning Ukrainaga hujumlarida 2024 yilning boshidan buyon 6987 ta drondan foydalanilgan.

Shuningdek, hafta davomida Shimoliy Koreya askarlarining Ukrainada urushayotgani mavzu markazi bo‘ldi.

Vashington va Seul Rossiya hamda KXDR o‘rtasidagi harbiy-texnik hamkorlikka birgalikda qanday munosabatda bo‘lishga kelishib oldi, biroq mumkin bo‘lgan choralar ochiq e’lon qilmadi.

“Kelishuvga Vashingtonda Qo‘shma Shtatlar va Koreya Respublikasi tashqi siyosat va harbiy soha rahbarlari ishtirokida “2+2” formatidagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha erishildi”, deyiladi AQSH Davlat departamenti matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan qo‘shma bayonotda aytiladi.

Shimoliy Koreya 11 ming nafar askarini Rossiyaga yuborgan ularning bir qismi Kurskdagi janglarda qatnashayotgani ma’lum. Bu borada Kreml turli bayonotlar berayotgan vaqtda Vladimir Putin birinchi marta izoh berdi. Undan Pxenyan askarlari tasvirlangan sun’iy yo‘ldosh tasvirlari aks etgan surat haqida so‘ralganda “Suratlar – bu jiddiy narsa. Agar unday bo‘lsa, ular nimanidir aks ettiradi”,- degan Rossiya rahbari.

“Sizga ma’lumki, bugun bizning strategik sheriklik haqidagi shartnomamiz ratifikatsiya qilindi va uning 4-moddasi mavjud. Biz hech qachon Shimoliy Koreya rahbariyati kelishuvlarga jiddiy munosabatda ekanligiga shubha qilmaganmiz. Bu 4-modda doirasidagi bizning ishimiz”, – deya qo‘shimcha qilgan u.

Janubiy Koreya va Yaponiya Shimolning ushbu harakatlarini global xavfsizlikka tahdid deb atagan. Prezident Yun Sok Yol va boshqa yuqori martabali rasmiylar Pxenyanning to‘g‘ridan-to‘g‘ri Ukraina mojarosiga aralashuvini mamlakat xavfsizligiga tahdid sifatida ko‘rmoqda. Chunki shimoliy koreyalik harbiylar Ukrainada qimmatli jangovar tajriba oladi.

Shuningdek, Seul Moskva Pxenyanga yordam uchun murakkab va zamonaviy harbiy texnologiyalarni berishi mumkinligidan xavotirda.

G‘arb bilan ziddiyat kuchayib borayotgan bir paytda, Rossiya jiddiy qadam tashlay boshladi. Mamlakat mudofaa vaziri Andrey Belousov ta’kidlashicha, amaliyot “strategik hujum vositalari dushmanning yadroviy zarbasiga kuchli javob berish”ni mashq qilish maqsadini ko‘zlagan.

Boshqacha aytganda, Rossiya yadroviy zarbasiga javoban, o‘t o‘chirish raketasi uchirishdan iborat keng qamrovli mashg‘ulot boshladi.

Davlat rahbari Vladimir Putin shu to‘g‘ridagi qaror zaruratini yangi tashqi tahdid va xatarlar paydo bo‘lishi bilan bog‘lab, “zamonaviy va foydalanishga doim tayyor strategik kuchga ega bo‘lish muhimligi”ni qo‘shimcha qildi.

Harbiylar, shuningdek, yadroviy quvvatga ega Tu-95 strategik to‘pchi samolyotdan uzoq masofaga mo‘ljallangan va qanotli raketalar uchirish amaliyotini ham sinovdan o‘tkazdi.

RF yetakchisi Moskva o‘z yadroviy kuchini modernizatsiya qilishda davom etib, yangi yuqori aniqlikdagi, tez uchadigan va raketaga qarshi mudofaa tizimini yengish qobiliyatiga ega raketalar ishlab chiqishini bildirdi.

Bu voqealar “Agar G‘arb Ukrainaga o‘zi yetkazib bergan uzoq masofaga uchadigan qurol bilan RF hududiga zarba berishga ruxsat bersa, Moskva javob qaytaradi”, degan fikr aks-sado berayotgan bir paytda sodir bo‘lmoqda.

Shuningdek, Shimoliy Koreya o‘z tarixidagi eng yirik qit’alararo ballistik raketasini uchirdi. Kim Chen In raketa uchirilishini mintaqada keskinlik kuchayayotgan bir paytda mamlakat xavfsizligiga tahdid soluvchi dushmanlar uchun ogohlantirish dedi. Sinovda shaxsan Kim Chen Inning o‘zi ham ishtirok etgan.

“Sinov o‘tkazish — bu oxirgi paytlarda mintaqadagi vaziyatni ataylab keskinlashtirgan va respublikamiz xavfsizligiga tahdid solayotgan dushmanlarni javob berish irodamiz haqida xabardor qilish maqsadiga to‘liq javob beradigan maqsadga muvofiq harbiy harakatdir”, — dedi u.

Shimoliy Koreya qurolli kuchlari tomonidan bir kun avval uchirilgan ballistik raketa barcha sinovlar ichida eng uzoq masofaga uchgani haqida xabar berildi. Qayd etilishicha, uning parvoz davomiyligi 1 soat 26 daqiqani tashkil qilgan. Raketa Yapon dengizi tomon uchirilgan va u Xokkaydo oroli yaqinidagi suvlariga qulagan.

Zelenskiy KXDRning ballistik raketa sinovi haqida fikr bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘arb bunga hech qanday jiddiy munosabat bildirmagan.

“Agar bizda shunday imkoniyat bo‘lganida, oldindan zarba berishimiz mumkin edi.  Amerika kuzatyapti, Britaniya kuzatyapti, Germaniya kuzatyapti. Hamma Shimoliy Koreya harbiylari ukrainaliklarga zarba berishni boshlashini kutmoqda”, — dedi Ukraina prezidenti.

AQSH saylovlari

Dunyo kelayotgan haftada AQSHda bo‘ladigan Oq uy uchun saylovlarni kuzatmoqda. Qo‘shma Shtatlarda allaqachon 51 milliondan ortiq odam ovoz berib bo‘lgan.

“The Hill” nashri yozishicha, millionlab fuqaro 60-prezidentlik sayloviga tayyorgarlik jarayonida pochta orqali va saylov uchastkalarida ovoz bermoqda.

Florida universiteti saylov laboratoriyasi ma’lumotiga ko‘ra, muddatidan oldin saylovda qatnashish ruxsat etilgan shtatlarda 24 milliondan ko‘p odam pochta orqali o‘z tanlovini bildirgan, 27 millionga yaqin kishi esa shaxsan ovoz bergan.

Bu raqam 2020 yildagi 154 millionlik ko‘rsatkichning qariyb uchdan bir qismidir. O‘shanda fuqarolar Kovid-19 pandemiyasi tufayli pochta orqali ommaviy ravishda ovoz bergan.

Michigan, Pensilvaniya va Shimoliy Karolina kabi muhim shtatlar allaqachon 1,44 milliondan ziyod barvaqt ovozni qayd etgan. Bu saylov oldidan Demokrat va Respublikachi nomzodlar uchun muhim ahamiyatga ega.

Eslatib o‘tamiz, AQSHda muddatidan oldin ovoz berish saylov kuniga qadar davom etadi va pochta orqali yoki saylov uchastkalarida rasmiylashtirilgan byulletenlar 5 noyabr kuni berilgan ovozlar bilan birga saylov uchastkalari yopilgandan keyin sanab chiqiladi.

2020 yil mamlakat prezidenti saylovida rekord darajadagi 66,6 foiz saylovchi ishtirok etib, 159 millionga yaqin odam ovoz bergan edi.

Sardor Poyonov, Iskandar Ismatov, Nishonboy Abduvoitov, O‘zA