Navoiy davlat konchilik institutiga kirish imtihonlari qachon boshlanadi?

Ayni paytda Navoiy shahridagi Yoshlar sport majmuasida Navoiy davlat pedagogika instituti ta’lim yo‘nalishlariga kirish uchun test imtihonlari davom etmoqda.
– Institutning kunduzgi va maxsus sirtqi yo‘nalishlariga joriy yilda 13 ming 412 nafar abituriyent hujjat topshirdi, – deydi qabul komissiyasi mas’ul kotibi Shuhrat Xudoyorov. – Shulardan 1 ming 830 nafari test sinovlarida ishtirok etmoqda. Olimpiada va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan tashkil etilgan tanlovlarning respublika bosqichi g‘oliblari imtiyoz asosida o‘qishga qabul qilinadi. Ijodiy imtihon topshiriladigan maxsus yo‘nalishlarda ko‘zi ojizlar va chet el fuqarolari test jarayonidan ozod etilgan. Navoiy davlat pedagogika institutiga kirish uchun imtihonlar 6 avgustgacha davom etadi. Belgilangan nizomga asosan institutning kunduzgi ta’lim yo‘nalishlariga 1760, maxsus sirtqi ta’lim yo‘nalishlariga esa 600 nafar talaba qabul qilinadi.
Test jarayonining adolatli va shaffof o‘tishini ta’minlash uchun binoga kuzatuv, shaxsni identifikatsiya qiladigan kameralar o‘rnatilgan. Jarayon onlayn tarzda internet va abituriyentlarning yaqinlari uchun hozirlangan maydonlarga o‘rnatilgan monitorlar orqali ko‘rsatib borilmoqda.
– Men jiyanim Feruza Olimovani qo‘llab-quvvatlash, dalda bo‘lish uchun u bilan birga Navoiy shahriga keldim, – deydi Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida yashovchi fuqaro R.O‘rinova. – Test adolatli o‘tyapti. Imtihonlarni bevosita onlayn tarzda kuzatib, bunga amin bo‘lyapmiz.
Navoiy davlat konchilik institutiga kirish imtihonlari esa 6 avgust kunning ikkinchi yarmida boshlanib, 10 avgustga qadar davom etadi. Eslatib o‘tamiz, ushbu ta’lim muassasasiga hujjat topshirgan abituriyentlar ham Navoiy shahridagi Yoshlar sport majmuasida test topshiradi.

 

Nuriddin Rahimov, O‘zA