Shifokorlar Milliy palatada ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat yuritishi taqiqlanadi

Avval xabar berganimizdek, Prezidentning 2018-yil 2-avgustda “O‘zbekiston Respublikasida sog‘liqni saqlashni boshqarishning innovatsion modelini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi tashkil etildi.
Xalqaro standartlarga mos sog‘liqni saqlash infratuzilmasini yaratishga, shu jumladan, tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlarini zamonaviy uskunalar va ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlash Milliy palataning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
Milliy palataning hududiy bo‘linmalari tashkil etiladi.
Qarorga muvofiq, 2021-yil 1-yanvardan shifokorlar va provizorlarning Milliy palatada ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat yuritishi taqiqlandi.
Bundan tashqari, Milliy palata 2022-yil 1-yanvarga qadar muddatda barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalardan ozod etildi.
Shuningdek, Innovatsion sog‘liqni saqlashni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etildi.
Jamg‘arma mablag‘lari, quyidagilarga yo‘naltiriladi:
Milliy palatani saqlash, uning faoliyatini moddiy-texnik ta’minlash va xodimlarini moddiy rag‘batlantirish;
xalqaro standartlarga muvofiq ilg‘or tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlarini tashkil etish, shuningdek, ularni zamonaviy uskunalar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlash;
zamonaviy klinik qo‘llanmalar va protokollar, diagnostika va davolash sifatiga oid standartlar, tibbiyot tashkilotlarini moddiy-texnik jihozlash standartlarini ishlab chiqish va joriy etishni tashkil qilish;
respublika tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlarining binolari, inshootlari va boshqa infratuzilmasini qurish, ularni zamonaviy uskunalar bilan, shu jumladan, lizing shartlarida jihozlashga qaytarish sharti bilan va imtiyozli asosda mablag‘ ajratish;
tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini xorijda tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek, o‘qitish, malaka oshirish va tajriba almashishni respublikada tashkil etish uchun xorijiy mutaxassislarni jalb etish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish;
respublika shifokorlari va provizorlari to‘g‘risida umumiy foydalanish uchun ochiq bo‘lgan yagona elektron ma’lumotlar bazasini yaratish va yuritish, shuningdek, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
sog‘liqni saqlash sohasida xayriya faoliyatini amalga oshirish;
Milliy palata zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishga qaratilgan boshqa tadbirlarni moliyalashtirish.

 

O‘zA