Janubiy Koreyada o‘limga olib keladigan kasallikka yo‘liqqan bemorlar soni doimiy ravishda o‘sib bormoqda. Afsuski, muammoning bundan ham achinarli bir tomoni bor: Milliy Assambleya Sog‘liqni saqlash va farovonlik qo‘mitasi vakili Kim Mi Ae taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, 2023 yil 77 720 nafar bemor umrni uzaytiruvchi tibbiy muolajadan voz kechgan, ya’ni o‘z xohishi bilan tezroq o‘lishni tanlagan. Ushbu tendensiya izchil o‘sish darajasini ko‘rsatdi: davolanishdan voz kechgan bemorlar soni 2019 yildagi 48 238 dan 2020 yil 54 942 ga, 2021 yil 57 511 va 2022 yil 63 921 ga ko‘tarildi.

Koreya Respublikasi qonunida davolanishni to‘xtatish uchun aniq qadam talab qilinadi. Shifokor birinchi navbatda xasta kishining umri oxirlab qolganini tasdiqlashi, shundan keyin bemor yoki uning oila a’zolari muolajani to‘xtatish istagini bildirishi lozim.

Bunday qaror bir necha vosita orqali rasmiylashtirilishi mumkin: bemor tomonidan to‘ldirilgan oldindan ko‘rsatma, bemor xohishiga ko‘ra, shifokor tayyorlagan parvarish rejasi, oilaning kamida ikki a’zosi bayonoti yoki barcha a’zolari kelishuvi.

Janubiy Koreyada 2009 yilgacha xastalik o‘lim jarayoniga kirgani, urinish befoydaligi va azob-uqubat cho‘zilishidan qat’i nazar, shifokorlar davolashdan to‘xtamaslikka undab kelingan. Hatto, hayot davomiyligini ta’minlovchi tibbiy uskunani olib tashlashda ishtirok etganlar jinoiy javobgarlikka ham tortilgan. O‘sha yil Oliy sudning vegetativ holatdagi keksa bemordan muayyan asbobni uzishga ruxsat berish to‘g‘risidagi qarori vaziyatni butunlay o‘zgartirib yubordi va bu holat ko‘p yillik muhokamaga sabab bo‘ldi. 2018 yil fevral oyida ushbu sa’y-harakat o‘lim soya solgan payt shaxsga davolanishni rad etish yoki to‘xtatish imkonini beruvchi qonun loyihasi ishlab chiqilishi bilan yakunlandi. Hozirgacha ayni tanlov pozitsiyasi o‘zgarishsiz qolmoqda.

Musulmon Ziyo, O‘zA