1962 yil 28 oktyabrni “insoniyat yadroviy falokatdan qutilib qolgan sana” deb atash mumkin. O‘sha davrda SSSR va AQSH o‘rtasidagi Sovuq urush davrining eng qaltis pallasi hisoblanuvchi “Karib inqirozi” avjiga chiqqan payt edi.
Amerika samolyotlari Kuba yaqinida SSSRning yadroviy kallaklar bilan qurollangan B-59 suv osti kemasini o‘qqa tutdi. Amerikaliklar bu orqali sovet dengizchilariga suv osti kemasi aniqlanganligini va u identifikatsiya qilish uchun suv yuzasiga ko‘tarilishi kerakligini bildirishgan. Biroq AQSH harbiylari ushbu suv osti kemasi yadroviy kallaklar bilan qurollanganligidan bexabar bo‘lgan.
Favqulodda holatlarda, Sovet suv osti kemalaridagi yadro qurolidan foydalanish buyrug‘i markazning roziligisiz, har bir suv osti kemasi qo‘mondonligi tomonidan berilishi mumkin edi. Bu suv osti kemasidagi uch nafar komandirning kelishilgan qarorini talab qilgan. O‘sha paytda Kuba yaqinida bo‘lgan B-59 suv osti kemasida bunday odamlar kema komandiri Valentin Savitskiy, komandirning siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Ivan Maslennikov va suv osti brigadasi shtab boshlig‘i, 2-darajali kapitan Vasiliy Arxipov edi. Moskva 2 hafta davomida suv osti kemalari qo‘mondonlari bilan Amerika kemalari ularning iziga tushmasligi uchun aloqa qilmadi, shuning uchun suv osti kemalaridagilar “Karib inqirozi” bilan bog‘liq qanday rivojlanayotgani haqida hech narsa bilishmas edi.
1962 yil 28 oktyabr kuni Valentin Savitskiy, B-59 suv osti kemasining butun perimetri bo‘ylab bombalarning portlash ovozini eshitib, “SSSR va AQSH o‘rtasida urush allaqachon boshlangan” deb o‘ylaydi va yadro kallagiga ega torpedani ishga tushirishga qaror qildi. Biroq, Vasiliy Arxipov tajribali ofitser sifatida vazminlik bilan harakat qiladi va yadro qurolidan foydalanishga ruxsat bermaydi. Shu tariqa, Arxipov muqarrar yadroviy urush xavfini to‘xtatib qoladi. Shundan so‘ng SSSR suv osti kemasi Amerika esminetsi bilan aloqaga chiqadi va Kuba suvlarini tark etib, SSSRga qaytadi. Vasiliy Arxipov “3-jahon urushini oldini olgan shaxs” sifatida tarixdan joy oldi.
M.Turdaliyeva, A.Ahmedov (video), O‘zA