Chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun davlat boji miqdori uch baravargacha kamaytirildi.
Bu Prezidentimizning kuni kecha e’lon qilingan “O‘zbekiston Respublikasida investitsion muhitni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmonida belgilandi.
Mazkur hujjat bilan yana quyidagi yangiliklar joriy etilmoqda:
Chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalar ustav fondida chet el investitsiyalarining minimal miqdori 30 foizdan 15 foizgacha tushirildi;
Chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxona ishtirokchilaridan biri albatta xorijiy yuridik shaxs bo‘lishi shartligi haqidagi talab bekor qilindi (jismoniy shaxs ham ishtirokchi bo‘lishi mumkin);
Chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalar ustav fondining minimal miqdori 600 million so‘mdan 400 million so‘mgacha tushirildi;
Aksiyadorlik jamiyatlari ustav fondining minimal miqdori 400 million so‘m (ilgari 1 mlrd. 600 mln. so‘m) qilib belgilandi;
Eksport kontraktlari kontrakt tuzilgan kunda “O‘zagroeksport” AJ e’lon qilgan narxlardan past bo‘lmagan narxlar bo‘yicha tuzish, shuningdek, eksport kontrakti tuzmasdan invoys asosida o‘tkaziladigan meva-sabzavot mahsulotlari bojxonada bojxona yuk deklaratsiyasi ro‘yxatga olinadigan kunda “O‘zagroeksport” AJ rasmiy veb-saytida qayd etilgan narxlardan past bo‘lmagan narxlar bo‘yicha rasmiylashtirish tartibi bekor qilindi.
O‘zA