Test sinovlari – korrupsiyaga qarshi kurashdagi dadil qadam

1-avgust kuni mamlakatimizning barcha hududlarida oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat yo‘nalishiga kirish uchun test sinovlari boshlandi. 
Yurt taraqqiyoti yuksak bilim va kasbiy malakaga ega, zamon ruhi bilan hamnafas, sog‘lom va teran tafakkurli, raqorbatbardosh kadrlarga bog‘liq. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar o‘qitishning barcha bo‘g‘inlari kabi oliy ta’limni ham tubdan takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bu yil mamlakatimiz tarixida birinchi marta oliy ta’lim muasssasalarining bakalavriat bosqichiga kirish uchun test sinovlari universitet va institutlar binosidan tashqarida, mutlaqo xolis va boshqa binolarda bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-noyabrdagi “Respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bu yo‘nalishda avvallari misli ko‘rilmagan tub ijobiy o‘zgarishlarni amaliyotga joriy etish imkonini bermoqda. Unga ko‘ra 2018/2019-o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasasiga qabul qilish bo‘yicha kirish test sinovlarini 1 avgustdan 15 avgustgacha bo‘lgan davrda o‘tkazish, sinov natijalarini test o‘tkazilgan kunning ertasiga Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, abituriyentdan alohida iqtidor talab etiladigan madaniyat, san’at, dizayn, tasviriy va amaliy san’at, san’atshunoslik, musiqiy ta’lim, sport va jismoniy tarbiya sohasidagi ta’lim yo‘nalishlariga qabul qilishda ijodiy imtihonlar orqali amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi.
6.JPG
Shuningdek, joriy yilda birinchi marta 2018/2019-o‘quv yilidan boshlab, oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish test sinovlari Toshkent shahrida “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasi pavilonlari, “O‘zko‘rgazmasavdo” majmuasi, oliy o‘quv yurtlariaro sport kompleksi kabi katta sig‘imdagi boshqa binolarda, viloyat markazlaridagi Olimpiya zaxiralari kollejlari yoki boshqa tashkilotlarning katta sig‘imdagi binolarida o‘tkazilayapti. Test jarayonining maksimal darajada oshkora va shaffofligini ta’minlab, videokuzatuvlar orqali jamoatchilik, shu jumladan, abituriyentlar ota-onalarining kirish test sinovlarini onlayn rejimida kuzatib borishlariga imkoniyat yaratilgani ham e’tiborga molikdir.
Respublika oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun test sinovlarini o‘tkazishning moddiy-texnik ta’minoti bilan bog‘liq masalalar ham butunlay qaytadan ko‘rib chiqildi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi test sinovi natijalarini tezkor o‘qishga mo‘ljallangan eng zamonaviy texnik uskuna va jihozlar bilan ta’minlandi. Bu esa natijalarni qisqa fursatda e’lon qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yurtimizda kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, iqtisodiyot va ijtimoiy soha tarmoqlarini yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlash uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga qabul qilish bo‘yicha o‘tkaziladigan kirish test sinovlarining adolatli, xolis va shaffof o‘tkazilishini tashkil etish masalasiga jiddiy yondashilmoqda. Shu maqsadda test o‘tkaziluvchi binolar shaxsni identifikatsiyalash vositalari, videofiksatsiya qurilmalari, metallodetektorlar, monitorlar va boshqa eng zamonaviy texnik jihozlar bilan ta’minlandi. Bu esa test sinovlarini xavfsiz o‘tkazish, bu jarayonda uchraydigan salbiy holatlarning oldini olish, imtihonlarni on-layn yoritish imkonini beradi. Shu bilan birga mutaxassislar tomonidan test sinovlari jarayonlarini muntazam rivojlantirib borish, test topshiriqlarining sifatini oshirishga katta e’tibor qaratildi.
Davlatimiz rahbarining 2018-yil 4-iyunda qabul qilingan “2018/2019 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 2018/2019-o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha umumiy kvota bakalavrlar uchun 69 ming 200 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha 17 ming 654 nafar va to‘lov-kontrakt asosida 51 ming 546 nafar etib belgilandi. Maxsus sirtqi va kechki bo‘limlarda ham o‘qishlarning tashkil etilgani, bir qator oliy ta’lim dargohlarining joylardagi filiallari, yangi o‘quv dargohlarining ochilgani yoshlarning bilim olish yo‘lidagi imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. Joriy yilda yurtimiz oliy ta’lim maskanlariga abituriyentlardan 675 ming 49 ta ariza kelib tushdi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi ma’lumotlariga ko‘ra, abituriyentlardan eng ko‘p hujjat kelib tushgan oliy ta’lim dargohlari safida Qarshi, Samarqand, Farg‘ona davlat universitetlari peshqadamlik qilmoqda. Konkurs eng katta bo‘lgan oliy o‘quv yurtlari sifatida esa Toshkent tibbiyot akademiyasining Farg‘ona filialiga 1 o‘ringa 23,2, Andijon mashinasozlik institutiga 1 o‘ringa 18,3, Toshkent davlat texnika universitiyetining Termiz filialiga bir o‘ringa 17,6 ariza to‘g‘ri kelmoqda. Joriy yilda abituriyentlar O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, “Ipak yo‘li” turizmi xalqaro universiteti, Samarqand veterinariya meditsinasi instituti kabi yangi oliy ta’lim maskanlariga hujjat topshirish imkoniga ega bo‘ldilar.
…Ertalabki soat 8.00. Poytaxtimizda oliy ta’lim dargohlarining bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha test sinovlari “O‘zekspomarkaz”ning bir necha pavilonlari, “O‘zko‘rgazmasavdo” mavjuasi, Oliy o‘quv yurtlariaro sport majmuasi, Respublika ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati, Olimpiya zaxiralari kolleji kabi katta sig‘imdagi binolarda bo‘lib o‘tmoqda. Bu mas’uliyatli jarayonni tartibli, belgilangan qoida va me’yorlarga mos tarzda, ochiq, shaffof, adolatli o‘tishini ta’minlash uchun zarur barcha choralar ko‘rilgan.
Bugun “O‘zekspomarkaz” pavilonlarida Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishga kirish istagidagi yoshlar test sinovlari topshirmoqda. Mazkur universitet qabul komissiyasi mas’ul kotibi Otabek Bobojonovning aytishicha, ushbu o‘quv dargohida bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bu yil ilk marta yoshlar joylardagi davlat xizmatlari markazlardan turib, onlayn tarzda hujjat topshirgan. Joriy o‘quv yilida universitetga talabalar qabul qilish rejasi 600 nafarni tashkil etadi. Yoshlardan kelib tushgan arizalar esa yetti mingdan ortiq.
Pavilonlarda test jarayoni belgilangan tartib va me’yorlarga qat’iy amal qilgan holda bo‘lib o‘tdi. Bu yilgi testlarga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilgani abituriyentlarning bu mas’uliyatli jarayonga yondashuvida ham yaqqol namoyon bo‘ldi. Ularning o‘z kuchiga, bilimiga bo‘lgan ishonchi yoshlarning yuz-ko‘zida zohir edi.
Majmuaga yondosh hududda abituriyentlarning ota-onalari uchun ham zarur barcha sharoitlar yaratib berildi. Shu yerning o‘zida o‘rnatilgan maxsus monitorlar orqali test sinovlari jarayonini bemalol kuzatish imkoniyati yaratildi.
– Qizim Muxlisa bu yil oliy o‘quv yurtiga ilk marta hujjat topshirdi, – deydi namanganlik Malohat Tursunova. – Barcha jarayonlarda ochiqlik, shaffoflikning ta’minlangani yurtimizda korrupsiyaning oldini olish, unga yo‘l qo‘ymaslik yo‘lidagi amaliy qadamlardan ekani barchaga manzur bo‘lmoqda.
Testdan chiqib kelayotgan yoshlarga yuzlandik.
– Savollar aniq, lo‘nda ifoda etilgan, – deydi samarqandlik Muhriddin Kalonov. – Ularni qayta-qayta o‘qib, mag‘zini chaqishga hojat qolmagan. Testni muvaffaqiyatli yechish barchaning bilim darajasiga bog‘liq ekanini bu jarayonda yaqqolroq sezilmoqda. Rostini aytganda, avvallari ayrim abituriyentlar va ba’zi nopok kimsalar mug‘ombirlik, olg‘irlik, g‘irromlik, “ko‘zboylog‘ichlik” bo‘yicha bilimini testlarda sinovdan o‘tkazar edi. Hozir bunday ko‘ngilsiz holatlarning ildizi butkut bartaraf etilganiga guvoh bo‘ldik.
– Test sinovlari xolis, haqqoniy, shaffof o‘tdi, – deydi buxorolik abituriyent Shuhrat To‘rayev. – Shpargalkadan ko‘chirayotgan yoki g‘ayriqonuniy xatti-harakat qilayotgan holatlar ko‘zga tashlanmadi. Keltirilgan savollar o‘ta murakkab ham, o‘ta yengil ham emas. Barchasi maktab darsliklaridan keltirilganiga ishonch hosil qildik. Testlarning adolatli o‘tishini ta’minlash yo‘lidagi bunday sa’y-harakatlar yoshlarning o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqi va qiziqishi, eng asosiysi haqiqatning qaror topishiga bo‘lgan ishonchini kuchaytirdi.
Darhaqikat, bu yilgi testlarning xolis, haqqoniy va adolatli tarzda tashkil etilgani keng jamoatchilik, ota-onalar, yoshlarning e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov ishtirok etdi.

 

N.Usmonova, T.Mamadaminov (surat), O‘zA