JINOYAT HAQIQATI VA ADOLAT. Kim yutadi, kim yutqazadi?

Joriy yilning 27-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasidagi ishlarning bugungi holati, bu borada ichki ishlar organlari va boshqa davlat idoralarining mas’uliyatini yanada oshirish, tizimda mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ko‘tarilgan og‘riqli muammolar har birimizni shu haqda jiddiy o‘ylashga undadi.

Yig‘ilishda joriy yilning 6 oyida yurtimizda qayd etilgan jami jinoyatlarning 30 foizida yoshlarning qo‘li borligi achinarli ahvol ekani aytildi.

Davlat rahbari buning sababini yoshlar yagona g‘oya, yagona maqsadlar yo‘lida jipslashmayotgani, ta’lim-tarbiya va bandlikni ta’minlashda ko‘plab tizimli muammolar hal etilmayotgani bilan izohladi.

Ma’lumki, bir yilda 600 mingdan ziyod yigit-qiz maktab, litsey va kollejlarni bitiradi. Ularning 10-15 foizigina oliy o‘quv yurtlari talabasi, degan nomga muyassar bo‘ladi. Xo‘sh, qolganlarichi? Ular ertaga kim bo‘lishi haqida sizu biz bosh qotirayapmizmi? Yosh avlodning ana shu katta bir “armiyasi” e’tibordan chetda qolsa, kim yutadiyu kim yutqazadi?

Albatta, bu barchamizni birday o‘ylantiradigan masala. Prezidentimiz tashabbusi bilan yoshlarning huquq va manfaatlarini to‘la ta’minlash, ularning tashabbuslarini, g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish, umuman, yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tuzildi, unga ko‘p vakolatlar berildi. Ayni paytda mazkur ittifoq yirik-yirik loyihalarni amalga oshirmoqda. “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi qabul qilindi.

Yoshlar masalasi bo‘yicha hatto parlamentda ham maxsus tuzilmalar tashkil etildi. Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya, parlamentning yuqori palatasi – Senatda esa Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tashkil qilindi. Videoselektor yig‘ilishida qayd etilganidek, Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi va aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan boshqa tashkilotlar, hokimliklar, ichki ishlar bo‘limlarida yoshlar bo‘yicha o‘rinbosar lavozimi joriy etildi.

Biroq, yaratilayotgan bunday sharoitlar, tuzilayotgan nufuzli tarmoq birliklari, ajratilayotgan mablag‘lar, ko‘rilayotgan chora-tadbirlar ko‘lamiga qaramasdan yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilikka batamom barham berib bo‘lmayapti.

Nazarimda, bunday xunuk manzaraning yuzaga kelishiga sabab bo‘layotgan omillardan biri aksariyat yoshlarning o‘z holiga tashlab qo‘yilganidir. Shuning oqibatida hozirda birorta ham ijtimoiy foydali ishlarga jalb etilmagan, uyushmagan yoshlarning safi 1 milliondan oshib ketgan va bu raqam tobora ortib bormoqda.

Ko‘rinadiki, Prezidentimizning bu borada qayg‘urib, tashvish tortayotgani, joylardagi mas’ullar yoshlar tomonidan sodir etilayotgan har bir jinoyat bo‘yicha muhokamalarni o‘zlari tashkillashtirishi va sabablarini aniqlashi, ommaviy axborot vositalarida bevosita chiqib, ma’lumot berishi darkor, degan talabni qo‘yayotgani bejiz emas. Shundagina har bir jinoyatning ildizigacha yetib borish, sabablarini aniqlab, kelgusida uning oldini olishda samaraga erishish mumkin bo‘ladi. Aks holda, hamma jinoyatchilikka qarshi kurashish immunitetini shakllantirish o‘rniga uning oqibatlari bilan ovora bo‘lib qolaveradi.

Biz ayni masala yuzasidan barcha davlat tashkilotlari, vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari qatorida bu yo‘nalishdagi o‘z ishlarimizni qayta ko‘rib chiqishimiz, faoliyatimizni jonlantirishimiz lozim, degan xulosaga keldik. To‘g‘ri, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasi yoshlar, xotin-qizlar bandligini ta’minlash, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish, ular o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish borasida ibratli ishlarni amalga oshirdi. Biroq, bu ishlar bugungi voqelik oldida yetarli emasligi ayon bo‘lib turibdi.

Shu sabab parlament a’zolari yaqin kunlarda Qonunchilik patalasining Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasi ishtirokida “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonun ijrosini ta’minlash borasida qilinayotgan ishlarni tanqidiy o‘rganib, aniq takliflar bilan chiqadi.

Zero, ertamiz qanday bo‘lishini istasak, bugun, hozirdan shunga yarasha yo‘l tutmog‘imiz, kelajagimizni ta’minlovchi avlodga munosib sharoit va imkoniyat yaratishimiz, ular taqdiriga befarq qaramasligimiz lozim.

 
Joldasbay Abdijamilov,
 
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
 
Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya raisi o‘rinbosari

 

O‘zA