Serbiyada shaxmat bo‘yicha klublar o‘rtasida o‘tkazilayotgan qit’a kubogi musobaqalarida hamyurtlarimiz Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorov “SuperChess” jamoasi tarkibida g‘oliblik uchun kurash olib bormoqda.

Musobaqaning erkaklar bahsida 84 ta, ayollar o‘rtasidagi musobaqalarda 18 ta jamoa ishtirok etmoqda.

Musobaqa nizomiga muvofiq erkaklar ishtirokidagi o‘yinlarda qatnashayotgan har bir jamoa 6+2 nafardan, ayollar jamoalari 4+1 nafardan iborat bo‘lishi belgilangan.

Ortda qolgan 3 ta tur bahslari sarhisobiga ko‘ra, Abdusattorov va Sindorov joy olgan “SuperChess” jamoasi uchta o‘yinda ham g‘alaba qozonib, qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga turnir jadvalini boshqarib bormoqda. Shuningdek, turnirda qatnashayotgan yana 7 ta jamoa ham ortda qolgan 3 ta turda muvaffaqiyatga erishgan.

Bugun, 23 oktyabr kuni 39-marotaba tashkil etilayotgan Yevropa kubogining navbatdagi 4-turida  “SuperChess” jamoasi turnir jadvalida 2-o‘rindan joy olgan “Turk avialiniyasi” jamoasi bilan kuch sinashadi.

Musobaqa 27 oktyabrga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA