“Haj-2018” dasturi doirasida haj safariga 7,2 ming nafar ziyoratchi havo laynerlarida parvoz qiladi

“O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi “Haj-2018” dasturi doirasida parvozlarni boshladi.
“Katta haj” amallarini bajarish istagini bildirgan o‘zbekistonlik ziyoratchilar joriy yilning 13 avgustiga qadar Saudiya Arabistonining Madina shahriga “Boeing-767” havo laynerlarida yetkaziladi.
Aviakompaniya bir necha yillardan buyon haj maskanlariga respublika aeroportlaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni amalga oshirib kelmoqda. Dasturga muvofiq, Toshkent, Namangan, Samarqand, Qarshi va Buxoro shahar aeroportlaridan 32 qatnovni amalga oshirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, 7200 nafar ziyoratchilarni yetkazish rejalashtirilgan.
Respublika aeroportlari hamda MAK samolyotlari bortlarida yo‘lovchilar uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Aerovokzallarda namoz uchun alohida ibodat va tahorat xonalari mavjud. Maxsus ishchi guruhi ziyoratchilarga qatnovni ro‘yxatdan o‘tkazishga va bojxona hujjatlarini rasmiylashtirishga yordam bermoqda. Uchish zallarida ularga yengil nonushta, samolyot bortida esa, “Ketring“ korxonasining maxsus taomnomasi asosida tayyorlangan sifatli va mazali taomlar taqdim etilmoqda.
Ziyoratchilarni o‘z vatanlariga qaytarish 27-avgustdan 14-sentyabrgacha Jidda shahridan amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

 

O‘zA