Hamkorlik memorandumi imzolandi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi va Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston ko‘p millatli yagona oila tuyg‘usini mustahkamlashda ta’sirchan targ‘ibot ishlari va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning ulkan ahamiyati” mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.

Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi R.Qurbonov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari A.Qodirov va boshqalar millatlararo munosabatlarni rivojlantirish, xalqimiz orasida bag‘rikenglik, insonparvarlik tuyg‘ularini rivojlantirish, turli millat va elatlar o‘rtasida hamjihatlik, o‘zaro hurmat, birodarlik xislatlarini mustahkamlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan ekanligini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 19 maydagi “Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni jamiyatda barqarorlik, tinchlik va totuvlikni ta’minlashda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir oila farzandidek do‘st va totuvlikda yashamoqda. 138 milliy madaniy markaz, shuningdek, 34 do‘stlik jamiyati faoliyati O‘zbekistondagi barcha millat hamda elatlarning tarixi, madaniyati, ma’naviy qadriyatlari, an’ana va urf-odatlarini asrash, millatlararo munosabatlarni uyg‘unlashtirish, jamiyat va davlatni barqaror rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Davra suhbatida 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi talablarini izchillik bilan amalga oshirish, aholi, ayniqsa, yoshlar ongida insonparvarlik qadriyatlarini yanada mustahkamlash, yurtimizdagi barcha millat va elatlarning tarixi, madaniyati, ma’naviy qadriyatlari, an’ana hamda urf-odatlarini asrash, millatlararo munosabatlarni uyg‘unlashtirish, jamiyat va davlatni barqaror rivojlantirishda ta’sirchan targ‘ibot ishlari va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish lozimligi qayd etildi.

Soha mutaxassislari va olimlarning ma’ruzalari tinglandi. Tadbir so‘nggida ikki tashkilot o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

 

Davron Sunnatov, O‘zA