Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa doktrinasining ijrosi, Prezidentimiz tomonidan Qurolli Kuchlarni isloh qilish va rivojlantirish borasida belgilab berilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilish jarayoni Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi eshituvida muhokama etildi.

Mudofaa doktrinasi O‘zbekiston Respublikasi barcha mamlakatlar bilan munosabatlarni mamlakat milliy manfaatlarining ustuvorligi asosida hamda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalarini inobatga olgan holda, o‘zaro naf ko‘rish, teng huquqlilik hamda boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, barcha nizoli masalalarni tinch yo‘l bilan hal qilish asosiga qurilganligi bilan ajralib turadi.

Ayni paytda mazkur hujjatning ijrosini samarali ta’minlashda parlament palatalari, qo‘mitalar va fraksiyalar, deputatlarning ishtiroki muhim ahamiyatga ega. Bu jarayonda parlament nazorati imkoniyatlaridan foydalanish davr talabidir. Shu ma’noda tadbirda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi, parlament va mas’ul vazirlik oldida turgan dolzarb masalalar muhokama etilib, zarur taklif va tavsiyalar ishlab chiqishga e’tibor qaratildi.

Shu bilan birga, Xavfsizlik kengashi majlisida belgilab berilgan topshiriqlar ijrosi bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirishda ayrim vazirlik va idoralar tomonidan shartnoma loyihalarini kelishish muddatlari o‘tkazib yuborilayotganligi, harbiy xizmatchilar uchun qurilayotgan ayrim uy-joylarda muhandislik va pardozlash ishlari o‘z vaqtida yakunlanmaganligi kabi muammolar borligi ko‘rsatib o‘tildi.

Eshituvda “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirishda deputatlar tomonidan ko‘maklashish, harbiy xizmatchilar uchun barpo qilinayotgan ko‘p xonadonli uylarni qurayotgan tashkilotlarning faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirish, viloyatlar markazlaridagi “Harbiy vatanparvarlik bog‘lari”ni qurish ishlarini jadallashtirish, vazirlik huzuridagi Jamoatchilik kengashining mintaqaviy bo‘linmalari ishini yanada faollashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Yakunda Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan Mudofaa vazirligi tizimida Mudofaa doktrinasini o‘z vaqtida va samarali ijro etishni kuchaytirish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.

 

Inobat ahatova, O‘zA