22 yildan buyon sotuvdagi mashinalardan 5 litrdan benzin o‘g‘irlanganmidi yoki “O‘zavtosanoat” AJ yuzidagi dog‘

“O‘ZAVTOSANOAT” AJ FAOLIYATIGA NISBATAN XALQ 
TOMONIDAN BILDIRILGAN NOROZILIKLARDAN BEMALOL DOSTON BITISH MUMKIN​
O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarilayotganiga qariyb 22 yil bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, har bir yangi sotilayotgan mashina “benzobak”ida kamida 5 litr benzin bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Axir, xaridor mashina bilan yaqinroq AYOQSHga yetib olishi kerak-ku. Lekin, shu paytgacha sotilgan mashinalar zaxirasida 5 litr benzin bilan sotilganiga guvoh bo‘lganlar bormi? Yangi mashina sotib olgan xaridorlar doim “benzobak” bo‘shligidan va yaqin oradagi AYOQSHga arang yetib olganlarini aytishadi. Tan olish kerak, yangi mashinalar xaridor qo‘liga yetib borgunicha uni faqat yoqilg‘isini “tuya qilishmagan”. “O‘zavtosanoat” AJ faoliyatiga nisbatan xalq tomonidan bildirilgan noroziliklardan bemalol doston bitish mumkin.
Bugun Xalqaro press-klubning navbatdagi uchrashuvida “O‘zavtosanoat” AJ, Asaka zavodi rahbariyati va Turin politexnika universiteti rektori qatnashdi. Odatda Press-klub mehmonlari oq yumshoq o‘rindiqlarda o‘tirib, jurnalistlarning savollariga javob berar edi. Bu safar xalqqa qimmat, ammo sifatsiz mashinalarni sotayotgan “O‘zavtosanoat” AJ rahbariyati tik turgan holda internet orqali odamlardan kelgan savollarga javob berishga harakat qildilar.
Ochiq qolgan savollar
 
фасад.jpg
Uchrashuvni boshqargan Sherzod Qudratxo‘jayev 5 litr benzin muammosidan tortib, “Damas” avtomobillarini olishdagi qiyinchiliklar va “shapka”lar haqida savollar bilan Press-klub mehmonlariga murojaat qildi. Tabiiyki, O‘zbekiston avtomobil sanoati rahbariyati vakillaridan ushbu savollarga aniq javoblar bo‘lmadi. Hozircha bunday achchiq savollarni ochiq yangraganidan mamnunmiz, xolos.
Nima uchun avtosalonlarda xaridorlarni ochiq yuz bilan kutib olishmaydi. Xaridor o‘zi xohlagan mashinani bemalol minib ko‘rib, yayrab sotib olmaydi? Xaridorni salonda “keling-keling”, deb kutib olib, unga qahva damlab berib, yana o‘sha yerning o‘zida yangi avtomobilning sug‘urtasi va davlat raqamlarini olish masalasini ham hal etib berishmaydi. Lo‘nda qilib aytganda, avtosalondagi sotuvchilar xizmati dehqon bozorlaridagi savdogarnikichalik ham emas.
Sessiyada yana dekabr, mart oylarida mashina uchun to‘lovni amalga oshirib, hamon ololmayotgan fuqarolarning savollari ham o‘qib eshittirildi, biroq hal etilmadi.
Nega biz sifatsiz mashinani qimmatga xarid qilamiz?
 
vistavka_2_4_2008_5.jpg
“O‘zavtosanoat”ga bildirilgan noroziliklardan biri shu bo‘ldi:
“ Nega biz sifatsiz mashinani qimmatga xarid qilamiz? Xorijda bizni mashinalardan sifatliroq ulovlar ancha arzon narxda sotiladi”.
“O‘zavtosanaot” AJ rahbari Shavkat Umurzoqovning aytishicha, bizda mashinalar sifatli va arzon bo‘lishi uchun uni yanayam ko‘proq hajmda ishlab chiqarish kerak. Hozirda O‘zbekistonda yengil avtomobilga bo‘lgan ehtiyoj 220 mingtani tashkil etadi. Zavodning ishlab chiqarish hajmi esa 140 mingtani tashkil etmoqda.
Xo‘sh, ishlab chiqarish hajmini oshirishga bizga nima qarshilik qilmoqda?
“Mashinani arzonlashtirsak, zavod kasodga uchraydi”
 
питнак.jpg
Sh.Umurzoqovning aytishicha, mashinalar narxi arzonlashtirilsa, zavod kasodga uchraydi. Asaka zavodining 10 foizlik kreditlari bor, buning ustiga, ishlab chiqarish shu paytgacha o‘z zararga ishlagan. Avtomobil sanoatini reabilitatsiya qilish uchun narxlarini 14 foizga qimmatlashtirib, keyinchalik 7 foizgacha arzonlashtirish kutilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, hozirda kasodga uchray, deb qolgan avtomobil sanoati rahbariyatidagi maoshlar 2 milliondan 8 milliongacha.
Mashina ishlab chiqarishdan voz kechsak bo‘lmaydimi?
 
avto_24_12_2015.jpg
Sessiya davomida O‘zbekistonda mashina ishlab chiqarishni to‘xtatib, xuddi qo‘shni Qozog‘iston Respublikasi kabi import avtomobillari uchun bojxona to‘lovini arzonlashtirish ham taklif etildi. Biroq, bu taklif Shavkat Bo‘ronovich tomonidan asosli dalillar bilan rad etildi.
Katta-katta va’dalar
 
5.png
“O‘zavtosanoat” AJ rahbari Shavkat Umurzoqov 22 yil davomida O‘zbekiston avtomobil sanoatida katta muammolar yig‘ilib qolgani va uni tizimli ravishda hal qilishga bel bog‘laganini aytib, katta va’dalar berdi. Uning aytishicha, yaqin orada avtomobil sotuvida katta o‘zgarishlar bo‘ladi. Ya’ni xaridor internet orqali ham avtomobilga to‘lov amalga oshira oladi. Unga sotib olgan avtomobilini uyining eshigi tagiga olib kelib berishadi. Yangi avtomobilning raqam olish va sug‘urtalash ishlari salonning o‘zida hal etiladi.
Bugungi kundagi mashina sotib olishdagi muammolar oldida uning bu va’dalari ertakdek tuyulgan bo‘lsa-da, tez orada shunday ijobiy o‘zgarishlarni bo‘lishiga umid qilamiz.
Yana Umurzoqovning so‘zlariga ko‘ra, bizda intellektual salohiyat mashina ishlab chiqarish bo‘yicha mutaxassislar umuman shakllanmagan va yetarli emas. Turin politexnika universiteti o‘quv tizimi ham islohotlarga muhtoj.
Xulosa qilib aytganda, sessiyada mashina narxlarining oshirilishiga 22 yillik muammolar ro‘kach qilindi va endilikda arzonlashadi, deya qop-qop va’dalar berildi. 5 litr benzin, sifatsiz avtombil va “shapka”lar kabi javobi topilmagan savollar esa “O‘zavtosanoat” AJ yuzida dog‘ligicha qolib ketmoqda.

 

Anora Sodiqova, O‘zA