Hazorasplik 118 yoshli Yoqutjon momo biometrik pasport oldi

Hazorasplik 118 yoshli Yoqutjon momo Rahimova mamlakatimizda nuroniylarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan bahramand bo‘lib, hayot nashidasini surayotgan onaxonlardan.
Yuzdan ortiq nevara-chevara va evaralarning suyukli momosi Yoqutjon momoning xonadoniga Xorazm viloyati ichki ishlar boshqarmasi va Hazorasp tumani IIB rahbariyati yo‘qlab kelishdi. Onaxonning hol-ahvolidan xabar olgan mehmonlar unga yangi olingan biometrik pasportini ham tantanali topshirdilar.
– Seni yo‘qlab uyingga mehmon kelsa, yuz bilan yuzlashganing ham esdan chiqadi, – deydi mezbon. – Yosh boladay suyunib, o‘zingni yengil his qilasan. Odamlar o‘rtasidagi bir-biriga bo‘lgan mana shunday mehr yo‘qolmasin. Yurtimiz tinch, bolalarimiz baxtli bo‘lsin.
Xorazm viloyati IIB matbuot xizmatining xabar berishicha, viloyatda yuz bilan yuzlashayotgan nuroniy otaxon va onaxonlarga biometrik pasportlarni tantanali topshirish ishlari davom etadi.

 

Ahmadjon Shokirov, O‘zA