Ma’lumki, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, imkoniyati cheklanganlar, ayniqsa nogironligi bo‘lgan o‘g‘il-qizlarga yordam ko‘rsatish davlatimizning doimiy e’tiborida.
Ayni yo‘nalishda xalqaro tashkilotlar bilan birga turli loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, Amerika Qo‘shma Shtatlari Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) hamda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va qator vazirlik, idoralar hamkorligida amalga oshirilayotgan navbatdagi dastur doirasida bugun respublikamizga 435 ming dollar qiymatdagi oziq-ovqat mahsulotlari yordami yetkazildi.
Shu munosabat bilan poytaxtimizdagi 77-sonli ko‘rishda nuqsoni bor bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatda xayriya tadbiri uyushtirildi.
Asosiy tashabbuskor tuzilmalardan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklari, AQSHning mamlakatimizdagi elchixonasi vakilllari ham ishtirok etgan marosimda mamlakatimizda yolg‘iz qariyalar, nogiron shaxslar va kam ta’minlangan oilalar ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, oziq-ovqat va dori-darmonga nisbatan ehtiyojni qondirishga alohida e’tibor ko‘rsatilayotgani qayd etildi.
Sabzavot va dukkakli ekinlarning to‘yimli aralashmasidan iborat mazkur yordam to‘plami kam ta’minlangan aholi qatlamiga yetkazilishi uchun sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ko‘mak muassasalariga tarqatiladi.
Loyiha orqali 145 dan ziyod sog‘liqni saqlash va ijtimoiy yordam muassasasi, jumladan sil kasalligi bilan og‘rigan bemorlarni uzoq muddatli parvarishlash markazlari, mehribonlik uylari va ruhiy salomatlik muassasalaridagi 33 mingdan ko‘p insonga yordam ko‘rsatiladi.
– “Dunyo uchun oziq-ovqat” dasturining bir qismi sifatida yo‘lga qo‘yilgan ushbu dastur ochlik va to‘yib ovqatlanmaslik holatini kamaytirish, ehtiyojmandlarni yetarli, xavfsiz va to‘yimli oziq-ovqat bilan ta’minlash bo‘yicha mamlakatlar bilan hamkorligimizga misol bo‘ladi, – deydi USAID vakili.
Hozirgi kunda tuzilma hukumatning mamlakat iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish, mintaqaviy savdoni kengaytirish, aholi salomatligiga jiddiy tahdidlarni bartaraf etish va tegishli qatlam ehtiyojini qondirish salohiyatini oshirish maqsadida hamkorlik qilmoqda.
Go‘zal Sattorova, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA