Bank tizimida tartib-intizomning susayishi salbiy oqibatlarga sabab bo‘ladi

Poytaxtimizdagi “Ipoteka-bank” aksiyadorlik tijorat bankida Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Markaziy bank va Respublika ma’naviyat targ‘ibot markazi vakillari ishtirokida “Bank tizimida mehnat intizomini mustahkamlash, korrupsiyaning oldini olish” mavzusida seminar tashkil etildi.

Videokonferens-aloqa tarzida o‘tkazilgan seminarni “Ipoteka-bank”ning barcha filiallari xodimlari kuzatib bordi.

Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 3 yanvar kuni imzolangan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun davlat idoralariga nisbatan fuqarolar va tadbirkorlarning ishonchini mustahkamlash, mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, korrupsiya tusidagi huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika qilish, vakolatli idoralar, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va aholining mazkur sohadagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Seminarda bank tizimida tartib va intizom susayishi oqibatida xodim ongini tama’girlik, poraxo‘rlik va korrupsiyaning boshqa qo‘rinishdagi yovuz illatlari to‘g‘risidagi fikrlar egallashi, bu esa tizimga putur yetkazish bilan birga, xodimning o‘zi va oilasi uchun ham jiddiy salbiy oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligi qayd etildi.

– Korrupsiya – milliy xavfsizlikka tahdid solayotgan asosiy xavf. U ijtimoiy barqarorlikka ham ta’sir ko‘rsatadi. Yosh xodimlarning Vatanga, kasbga sadoqatini oshirishga yo‘naltirilgan bugungi seminar ularni tama’girlik va poraxo‘rlik kabi illatlardan yiroq bo‘lishga undadi, desam, xato bo‘lmaydi, – deydi bankning yuridik boshqarmasi bosh mutaxassisi Akbarali Ishanqulov.

Seminarda “Bank sohasida korrupsiyaning kelib chiqishi va unga qarshi kurashish” mavzusidagi videorolik namoyish etildi.

 

D.Sunnatov, O‘zA