Unda tadbirkorlar tashabbusi qo‘llab-quvatlanmoqda.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlariga hamohang Toshkent shahri ham yangi qiyofa kasb etmoqda. Poytaxtda obodonlik, keng miqyosli qurilish ishlari jadal tus olgan. Bu jarayonga o‘z hissasini qo‘shish istagida bo‘lgan tadbirkorlar, xorijlik investorlar ham bor. Ularning tashabbusini qo‘llab-quvvatlash esa muhim vazifa sanaladi.
Shu maqsadda Toshkent shahar hokimligida o‘tkazilgan navbatdagi “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, bunyodkorlik ishlariga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, davlat va xususiy sherikchilikni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi. Unda tadbirkorlar va xorijlik investorlar yangi loyihalari bilan ishtirok etdi.
Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi J.Ortiqxo‘jayev mahalliy va xorijlik tadbirkorlar bilan muloqotda bo‘ldi.
– Maqsadimiz poytaxtimizni yanada rivojlantirish, ko‘zni quvnatadigan bino va inshootlar qurish, infratuzilmani yaxshilash, aholining yashashi va dam olishi uchun qulay muhit yaratish, – dedi J.Ortiqxo‘jayev. – Bu jarayon investitsiyalarni jalb qilish orqali tezroq amalga oshadi. Bu borada o‘z loyihasini vijdonan bajaradigan tadbirkorlar bilan hamkorlikka tayyormiz.
Tadbirda mahalliy tadbirkorlar bilan yonma-yon Janubiy Koreya, Xitoy, Turkiya, Rossiya kabi davlatlardan kelgan investorlar ham ishtirok etib, loyihasi yuzasidan ko‘rgazmali ma’lumotlarni taqdim etdi. Shahar hokimligi mutasaddilari eng yaxshi va istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
– Kompaniyamiz tibbiy preparatlar, uskunalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Mahsulotlarimiz dunyo miqyosida xaridorgir hisoblanadi, – deydi “New World Med” kompaniyasi bosh direktori Kim Keng Jun (Janubiy Koreya). – O‘zbekistonda faoliyat yuritayotganimizga 4 yil bo‘ldi. Bugun mamlakatda bunyodkorlik ishlari avjida, yangi inshootlar, uylar qurilmoqda. Shu bois biz bu jarayonda juda muhim – yong‘inga qarshi qo‘llaniladigan uskunalar va maxsus kiyimlarni taqdim etishni rejalashtirdik. O‘ylaymizki, tashabbusimiz mutasaddi tashkilotlar mas’ul xodimlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.
Toshkentdagi bunyodkorlik ishlariga hissa qo‘shayotgan yosh tadbirkorlar ham e’tibordan chetda emas.
Tadbirda yosh tadbirkor Sardor Rahmonov “BILLUR BOLALAR BOG‘I” loyihasini taqdim etdi. Yunusobod tumani 4-mavze Quloqtepa ko‘chasidagi 3-uyning oldida qurilishi rejalashtirilgan zamonaviy loyihaning qiymati 450 ming AQSH dollarini tashkil etadi. 40 sotix maydonda joylashgan bog‘ landshafti o‘ziga xos bo‘lishi kutilmoqda. Bog‘da 15 ga yaqin attraksion, favvoralar, bor bo‘yi bilan yonib turuvchi 40 nanodaraxt va 1,5 ming sun’iy atirgul bo‘ladi.
f7d04a74-ebf7-480b-bf6e-5d0f6bcb5f4f.jpg
– Qurilmalarning barchasini Xitoydan olib keldik. Lekin ular davlatimiz bojxonasida turib qoldi, – deydi S.Rahmonov. – Davlat boji juda qimmatlik qilmoqda. Bugungi uchrashuvda Toshkent shahar hokimidan shu masalada yordam berishini so‘radik. Bolalar uchun barpo qilayotgan bog‘imizga mo‘ljallangan qurilmalarni olib kirishda bojxona imtiyozi qo‘llanilishidan umidvormiz.
“Ochiq eshiklar kuni” tadbiri yakuni bo‘yicha shahar hokimligi tomonidan tegishli qarorlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.

 

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA