Yurtimizda siyosiy yetakchi ayollar yetishmaydimi?

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva ayollarning siyosiy faolligi borasida o‘z fikrlarini bildirdi.
Xabaringiz bor, kecha ‒ 27-iyulda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan mamlakatimizda xotin-qizlarga aloqador bir qancha masalalar, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda qo‘mita raisi Tanzila Norboyeva ayollarning siyosiy faolligi borasida gapirdi.
‒ Yurtimizdagi 4 ta siyosiy partiyaga deputatlikka nomzodlarni ko‘rsatishda 30 foizlik ayollar uchun kvota berilgan. Amalda qanaqa desangiz — 15 foiz. Deputatlarning 15 foizi ayollar tashkil qiladi! Nima uchun? Mamlakatimizda siyosiy yetuk ayollar kammi? Yurtimizda siyosiy yetakchi ayollar yetishmaydimi? Aslida O‘zbekistonda siyosiy faol ayollar ko‘p, ularni qo‘llab-quvvatlash uchun 4 ta siyosiy partiya bilan hamkorlik Memorandumi imzolab chiqdik, bu orqali ayollarni siyosiy yetakchilikka tayyorlab boramiz. Navbatdagi saylovlarda qonun tomonidan berilgan 30 foizlik imtiyozdan ayollarimiz to‘la foydalanishi kerak. Bu chora-tadbirlarimizni biz “Deputatlikka start” deb atadik. Bundan tashqari, qo‘mita tarkibida “Faxriy ayollar”, “Ijodkor ayol”, “Huquqshunos ayollar”, “Ayol va salomatlik”, “Ilm-fan va ayol” kabi uyushmalar ishi tashkil etilib, takomillashtirilmoqda, ― dedi Tanzila Norboyeva.

 

I.Ahatova, O‘zA