Yakka tartibdagi tadbirkorlarning soliqdagi qarzlaridan voz kechiladi

Faqat ular tadbirkorlik faoliyatini tiklashi yoki davlat ro‘yxatdan o‘tgan holda faoliyatni davom ettirishi kerak.
Prezidentning 2018-yil 27-iyulda “Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq quyidagilarning soliqlar, penyalar, moliyaviy jarimalar va sud xarajatlari bo‘yicha hisoblangan qarzlaridan voz kechildi (hisobdan chiqarildi):
2018-yil 1-aprelga qadar yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxslar va 2018-yil 1-apreldan moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar;
Davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanganligi uchun bir yillik qat’iy belgilangan soliq summasi hisoblangan jismoniy shaxslar.
Qarzdan voz kechilishi uchun mazkur shaxslar 2019-yil 1-yanvarga qadar muddatda tadbirkorlik faoliyatini tiklashi yoki davlat ro‘yxatdan o‘tgan holda faoliyatni davom ettirishi lozim bo‘ladi.

 

O‘zA