Majlisda bahs bo‘ldi, yakuni qanday?

Parlament quyi palatasining 27 iyul kuni bo‘lib o‘tgan majlisida deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining “O‘zbekiston Respublikasida atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha dasturlarning ijro etilish holati to‘g‘risida”gi axborotini eshitdilar.

Ta’kidlab o‘tilganidek, ushbu dasturlarni amalga oshirishda asosiy e’tibor aholi va davlatning yashash muhiti hamda ekologik xavfsizlik darajasi uchun kafolatlangan va qulay sharoitlarni yaratishga, texnologik jarayonlarni hamda tabiatni muhofaza qilish faoliyatini takomillashtirishga, atrof-muhitning ishlab chiqarish va xo‘jalik faoliyati chiqindilari bilan ifloslanishining oldini olishga, ekologik ta’lim va barqaror rivojlanish maqsadlarida ta’lim sohasida tabiatni muhofaza qilishga doir qonun hujjatlarini va normativ-uslubiy bazani takomillashtirish masalalariga qaratildi. Shu bilan birga, tabiatni muhofaza qilish faoliyatini takomillashtirish hamda tabiiy muhitning transchegaraviy ifloslanishining oldini olishga doir mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga ham katta e’tibor qaratildi.

Muhokamalar chog‘ida deputatlar dasturlarda ijro etilmagan bandlarning bajarilishi sifatini hamda ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun ajratilgan mablag‘lar va moddiy resurslarning o‘zlashtirilishini tanqidiy tahlil etish, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish maqsadga muvofiq ekanini ta’kidlab o‘tdilar.

Eshituv yakunida deputatlar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflarni inobatga olgan holda Qonunchilik palatasining tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan so‘ng deputatlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlashga qaratilgan bir qator dolzarb qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar.

Deputatlar ishni O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqishdan boshladilar. Muhtoj shaxslarga shoshilinch yoki kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam ko‘rsatishni asossiz rad etganlik uchun tibbiyot tashkilotlarining rahbarlari va xodimlariga javobgarlik belgilashga qaratilgan qonun loyihasi yuzasidan qizg‘in bahslar bo‘ldi.

Shu narsa ta’kidlandiki, ko‘rib chiqilayotgan qonun loyihasining qabul qilinishi aholini huquqiy muhofaza qilish hamda fuqarolarning malakali tibbiy yordam ko‘rsatilishiga bo‘lgan huquqini ta’minlash, aholiga shoshilinch yordam ko‘rsatish tezkorligi, sifati va darajasini oshirish uchun mo‘ljallangan amaldagi qonunchilik bazasini to‘ldiradi.

Shu bilan birga, deputatlarning fikriga ko‘ra, huquqiy hujjatning mazkur loyihasi hali maromiga yetkazilishi kerak, unda mamlakatimiz Prezidentining 2018 yil 25 yanvarda qabul qilingan “Shoshilinch tibbiy yordam tizimini jadal takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar to‘la aks etmagan. Qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilinganidan so‘ng mas’ul qo‘mitaga fraksiyaning fikrlari va tavsiyalarini hisobga olgan holda loyihani ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun qonun loyihasini maromiga yetkazish taklif etildi.

Jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash professional yuridik yordam sifatini, advokat kasbining nufuzini oshirish, shuningdek, sud ishlarini yuritishda teng huquqlilik va bahslashuv prinsiplarini to‘liq amalga oshirish maqsadida ishlab chiqilgan advokatura institutini takomillashtirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Shuningdek, majlisda deputatlar notariat instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar.

Ta’kidlab o‘tilganidek, notarial idoralar faoliyatida sud-huquq sohasida belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirishga, iqtisodiy, oilaviy, merosga, uy-joyga va mehnatga oid hamda boshqa nizolarning oldini olish uchun notariat salohiyatidan to‘laqonli foydalanishga to‘sqinlik qiluvchi ko‘plab muammo va kamchiliklar mavjuddir.

Qonun loyihasining maqsadi jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda notariat institutining roli va ahamiyatini oshirish, shuningdek, aholiga ko‘rsatilayotgan notarial xizmatlarning sifatini yaxshilash, nizolarning oldini oluvchi institut sifatida rivojlantirish, shaxslarni notarial faoliyatga kirish imkonini beruvchi samarali, shaffof, notariatni halol va malakali notarial xizmatlarni yuqori sifatda ko‘rsata oladigan mutaxassislar bilan to‘ldirish tizimini yaratishga qaratilgandir.

Deputatlarning ta’kidlashicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi notariatni ogohlantiruvchi odil sudlov instituti sifatida yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish hisobiga davlat xizmatlari ko‘rsatish sifati va tezkorligi oshadi.

Shundan so‘ng suv, elektr va gaz ta’minoti xizmatlari uchun to‘lov intizomini mustahkamlashni, shuningdek, iste’molchilarning mas’uliyatini oshirishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 134-moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga doir qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Qizg‘in bahslardan so‘ng qonun loyihalari birinchi o‘qishda qabul qilindi hamda muhokama jarayonida bildirilgan fikrlar va takliflarni hisobga olgan holda qonun loyihalarini ikkinchi o‘qishga tayyorlash vazifasi mas’ul qo‘mitalar zimmasiga yuklatildi.

Shuningdek, majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining vakolatlariga kiruvchi boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Matbuot xizmati