Milliy armiyamiz saflarida xizmat burchini o‘tayotgan har bir fuqaro hamisha davlatimiz himoyasi va doimiy g‘amxo‘rligi ostidadir. Harbiy xizmatchilar va ular oila a’zolarining moddiy ta’minoti va ijtimoiy muhofazasi masalalari doimiy e’tiborda. Shu sababli ham Qurolli Kuchlarimiz qisqa muddatda kuchga to‘ldi, mamlakatimiz tinchligi va xalqimizning farovon hayotini ishonchli himoya qila oladigan armiya darajasiga yetdi.
Markaziy harbiy klinik gospitalda 600 o‘ringa mo‘ljallangan 24 bo‘lim faoliyat yuritmoqda. Toshkent shahrining eng so‘lim maskanida joylashgan, umumiy maydoni qariyb 16 gektarni tashkil etadigan gospitalga o‘tgan asrning qirqinchi yillarida tamal toshi qo‘yilgan.
Prezidentimiz gospitalni istiqbolli rivojlantirish rejasi hamda yangidan qurilishi rejalashtirilayotgan jarrohlik korpusi loyihalari bilan tanishdi.
Shavkat Mirziyoyev ushbu gospital sobiq tuzum loyihasi asosida qurilgan va eskicha tartibda ishlab kelayotganini ta’kidladi. Uni davlat-xususiy sheriklik asosida ish yuritishga o‘tkazib, 50 foizi harbiylarga, qolgan 50 foizi xususiy klinika sifatida faoliyat yuritadigan shifoxonaga aylantirish zarur. Bu O‘zbekistonda birinchi marta qo‘llaniladigan amaliyot bo‘ladi.
– Zamonaviy menejmentni joriy etib, yuqori sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilsa, daromad ham bo‘ladi, sifat ham ta’minlanadi, – dedi Prezident.