Oklend texnologiya va Vashington universitetlari huzuridagi Sog‘liqni saqlash ko‘rsatkichi va baholash instituti mutaxassislari yer yuzida insult bilan kasallanish holati ortganini malum qildi.

Tadqiqot xulosasi “The Lancet Neurology” jurnalida chop etilgan. 1990-2021 yillari ushbu xastalik tufayli tobi qochganlar soni 70, hayotdan ko‘z yumish darajasi esa 44 foiz oshgan. 2021 yil yurak ishemiyasi va “COVID-19″dan keyin aynan insultdan eng ko‘p odam jon bergan.

Olimlar izlanish davomida ortiqcha vazn indeksi, qon bosimi, qondagi shakar darajasi va iflos havo kabi xavf omillari ta’sirini baholadilar. Natijada yoshga ko‘ra standartlashgan kasallanish va o‘lim ko‘rsatkichi mintaqalar kesimida farqlanishi. insult yuki past va o‘rta daromadli mamlakatlarda sezilarli darajada yuqori ekani ayonlashgan.

Insult tufayli yo‘qotilgan umr yoki sog‘lom yillar miqdori 1990 yilga nisbatan 32 foiz o‘sib, 160,5 millionga yetgan.

Afrika, Osiyo kabi past daromadli  mintaqalarda xastalikka duch kelish va vafot etish holati rivojlangan mamlakatlarga nisbatan 2-10 barobar yuqori. Semirib ketish, gipertoniya va kir havodan nafas olish yosh aholi orasida insult ko‘payishiga olib keladigan asosiy omillar sifatida keltirilgan.

Tadqiqotga ko‘ra,  atrof-muhit omili, jumladan yuqori harorat va havo ifloslanishi muammosi, ayniqsa, past daromadli yurtlarda dolzarb. Ya’ni, bunday hududlar ekologiya sifatini yaxshilash va metabolik kasalliklarning oldini olish bo‘yicha zarur sa’y-harakatlarni amalga oshirishlari lozim.

Sh. Mamaturopova, O‘zA