Toshkentda “TexVET Karyera” loyihasi doirasida yuqori darajadagi manfaatdor tomonlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston bo‘ylab kasb-hunar yo‘nalishidagi xizmatlarni rivojlantirish uchun mas’ul hukumat vakillari, xususiy sektor rahbarlari va ta’lim muassasalari xodimlari qatnashgan mazkur yig‘ilishdan ko‘zlangan maqsad xususiy sektor, jamoat tashkilotlari va ta’lim tizimi hamkorligini rivojlantirish, tegishli xizmatlarning ahamiyati, xususan iqtisodiyotimiz uchun malakali kadrlar tayyorlashdagi rolini keng jamoatchilikka yetkazishdan iborat.

Tadbirda Yoshlar ishlari agentligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, Maktabgacha va maktab ta’limi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirliklari, Savdo-sanoat palatasi, Alkogolsiz ichimlik va sharbat ishlab chiqaruvchilar assotsiatsiyasi, “Safia”, “Coca-Cola”, “Teamdress” kabi xususiy korxonalar va turli nodavlat tashkilotlar vakillari ham ishtirok etdi.

GIZ – Germaniya hamkorlik tashkilotining “TexVET Karyera” loyihasi rahbari Matias Klingenberg so‘zlariga ko‘ra, kasb-hunar yo‘nalishidagi xizmatlarni qo‘llab-quvvatlashda vazirliklar, sanoat, ta’lim muassasalari va nodavlat tashkilotlar o‘rtasidagi barqaror hamkorlik muhim ahamiyatga ega. Bunda ish beruvchi va jamoat tashkilotlari ham faol ishtirok etishi zarur.

Tadbirda innovatsion kasbiy yo‘nalish bo‘yicha yondashuvlarning sinovdan o‘tkazilishi jarayoni haqida ham ma’lumot berildi. Bunday yondashuv nafaqat o‘quvchilarga amaliy kasbiy tushuncha berish, balki mahalliy kompaniya va jamoat tashkilotlarini jarayonga faol jalb qilishni ham nazarda tutadi.

Uchrashuvda yirik kompaniyalar, jamoat uyushmalari vakillari maktablar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida o‘quvchilarga o‘z faoliyatlari haqida ma’lumot berdi. Yoshlarni kasb-hunarga qiziqtirish, ularga ish o‘rgatish bo‘yicha tajriba bilan o‘rtoqlashdi.

GIZ, USAID, UNICEF va “Helvetas” kabi xalqaro tashkilotlar ekspertlari muhokama chog‘ida kasbiy yo‘nalish bo‘yicha ilg‘or tajriba bilan bo‘lishdi.

Qayd etilganidek, anjuman yurtimizda kasbiy yo‘nalish va kasb-hunar ta’limini rivojlantirish uchun manfaatdor tomonlar hamkorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA