Nukusda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi tomonidan “Janubiy Orolbo‘yi tabiiy resurslaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish muammolari” mavzuidagi VII Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil qilindi.

Anjuman Orolbo‘yida biologik resurslarning dolzarb muammolari, ulardan oqilona foydalanish va himoya qilish, hududdagi biologik xilmaxillikni saqlab qolishga bag‘ishlandi.

– Hozirgi kunda Orol inqirozi va u keltirib chiqargan oqibatlarni o‘rganish O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi olimlarining asosiy tadqiqot obyektiga aylandi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Prezidiumi Raisi, iqtisod fanlari doktori, akademik Nag‘met Aimbetov. – O‘tgan asrning 60-yillaridan boshlab bo‘lim olimlari tomonidan Orol fojiasi oqibatlarini o‘rganish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Bu tadqiqotlar natijasida olimlarimiz Orol dengizi va Orolbo‘yi tabiiy hududlarining biologik tartibi o‘zgarishlarini ko‘rsatuvchi juda ko‘p va har xil noyob materiallarni to‘pladi.

Orol dengizining qurishi Janubiy Orolbo‘yi hududidagi eng yirik antropogen ekologik fojia bo‘lib, u hududdagi ekotizimning jiddiy izdan chiqishiga sabab bo‘ldi.

Anjumanga nafaqat O‘zbekistonning, balki chet davlatlarning yetakchi ilmiy muassasalarining, oliy o‘quv yurtlari va boshqa tashkilotlarning vakillari hamda yosh olimlar, doktorantlar, tadqiqotchi-izlanuvchilar taklif etilgan.

Anjumanda Janubiy Orolbo‘yi tabiiy muhitining hozirgi holati haqida olimlar batafsil ma’lumot berdi, mutaxassislar tomonidan yerdan foydalanishda tabiat muhofazasiga e’tibor qaratgan holda boshqarish muammolari muhokama qilindi.

 

Yesimxon Qanoatov, O‘zA