Banklarda bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati ishga tushdi

Bank tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli xizmatlar ko‘rsatishning bozor mexanizmlari joriy etilmoqda, ularning turlari kengayib, tadbirkorlar va aholi uchun moliyaviy ochiqlik oshib bormoqda.
Shunga qaramay, bank xizmatlari iste’molchilariga xizmat ko‘rsatish madaniyati va ularning bank tizimiga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish borasida bir qator muammo, kamchiliklar kuzatilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 23 martdagi “Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida O‘zbekiston Markaziy banki nizomi qabul qildi.
Unda iste’molchiga axborot berishning minimal talablari, bankning rasmiy veb-saytida axborot berish xususiyatlari, bank faoliyatiga oid reklama tusidagi axborotlar berish, iste’molchiga beriladigan axborotning minimal hajmi, iste’molchi bilan munosabatlarni amalga oshirishning asosiy qoidalari, iste’molchiga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha minimal talablar, qarzdorlik yuzaga kelganda banklarning iste’molchilar bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirish tartibi kabi talablar bayon qilingan.
Xususan, Nizomda taqdim etilayotgan xizmatlarning shartlari va qiymati haqidagi axborotni berishni rad etishga yo‘l qo‘yilmasligi, masalan bank omonati shartnomasi yoki kredit shartnomasi tuzilgunga qadar bank xizmatlari iste’molchisiga og‘zaki tarzda bankda joriy etilgan omonat turlari hamda bank tomonidan taklif etilayotgan kredit turlari bo‘yicha barcha ma’lumotni taqdim etishi kerakligi belgilangan.
Ayni vaqtda Markaziy bank va tijorat banklari qoshida Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati tashkil etildi. Ularning ish tartibini “Qishloq qurilish bank” misolida tushuntirib berishga harakat qilamiz. Ayni vaqtda Toshkent viloyat mintaqaviy filialining faoliyati namunaviy filial sifatida tashkil etilib, filial front-ofis va bek-ofis hududlariga ajratildi. Bankning qolgan filiallari faoliyatini ham namunaviy filialga muvofiqlashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Bunda bankdagi tizimli kamchiliklar va bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlari buzilishlarini aniqlash, oldini olish, bunga yo‘l qo‘ygan bank xodimlariga nisbatan javobgarlik choralari ko‘rilishini ta’minlashga e’tibor qaratiladi,- deydi bank axborot xizmati rahbari Shuhrat Oripov. – Shuningdek, bank xizmatlari iste’molchilarining buzilgan huquqlarini tiklashda maslahat berish va ko‘maklashishga harakat qilamiz.
Qayd etish joizki, bankning barcha filiallarida aholi va tadbirkorlar uchun dastlabki ruxsatlarsiz va shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarsiz xizmat ko‘rsatish hududiga to‘sqinliksiz kirish uchun sharoitlar yaratildi. “Mijozga xizmat” axborot markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu markaz xodimlar bank binosiga kirib kelgan mijozlarni kutib olib, ularni qiziqtirgan bank xizmatlari bo‘yicha dastlabki ma’lumotlarni berib, so‘ngra ularni tegishli mutaxassislarga yo‘naltiradi.
Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilishni ta’minlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish hamda moliyaviy ochiqlik darajasini oshirish – chakana bank xizmatlari bozorining yanada rivojlanishiga, bank mijozlari bilan hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashga, mijozlarga xizmat ko‘rsatish madaniyatini va ularning bank tizimiga bo‘lgan ishonchini yanada oshirishga zamin yaratadi.

 

O‘zA