O‘zbekiston Xitoyni Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi doirasida belgilangan chora-tadbirlar majmuini amalga oshirishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Bu fikrni O‘zbekiston Respublikasining SHHT ishlari bo‘yicha koordinatori Nuriddin Ubaydullayev yaqinda XXR yetakchi axborot agentligi – Sinxua muxbiriga bergan eksklyuziv intervyusida yana bir bor tasdiqladi.

Diplomatimiz aytishicha, XXR hukumati tanlagan, 2024-2025 yillarda SHHT raisligi Xitoyga o‘tishi munosabati bilan mamlakat Tashqi ishlar vazirligida bo‘lib o‘tgan brifing chog‘ida ma’lum qilingan barcha ustuvor yo‘nalishlarni O‘zbekiston tomoni to‘liq ma’qullaydi.

– Tashkilotga raislik rejasiga muvofiq, 100 dan ziyod tadbir o‘tkazilishi nazarda tutilgan, – deydi N.Ubaydullayev. – Bu jarayon hamkorlikning nafaqat SHHT maydonida shakllangan an’anaviy yo‘nalishlari, balki ichki mintaqalararo savdo, sanoat kooperatsiyasi, o‘zaro bog‘liqlik zanjiri, innovatsiya, kambag‘allikni qisqartirish, oziq-ovqat xavfsizligi, sog‘liqni saqlash, “yashil” taraqqiyotni moliyalashtirish, industriyalashtirish, raqamli transformatsiya kabi yangi, bugungi kun talabiga mos sohalarni rivojlantirish maqsadini ham qamrab olgan.

Zero, XXR Raisi Si Szinpin ilgari surgan 2025 yilni “SHHTni barqaror rivojlantirish yili” deb e’lon qilish tashabbusi va Global rivojlanish tashabbusi raislik Rejasiga kiritilishi Xitoyning tuzilma asosiy tamoyillariga sodiqlikni mustahkamlashga nisbatan konstruktiv yondashuvi mohiyatini to‘la-to‘kis ochib beradi.

– Bugun SHHT maydonida xalqlarimiz farovonligini oshirish, turmush sharoitini yaxshilashga xizmat qiladigan iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish o‘ta muhim vazifaga aylanmoqda, – davom etadi O‘zbekiston Respublikasining SHHT ishlari bo‘yicha koordinatori. – Bunday sharoitda savdo-iqtisodiy aloqalar va transport infratuzilmasini shaklantirish bo‘yicha mavjud ulkan salohiyatni yuzaga chiqarish mintaqaviy iqtisodiy sheriklikni rivojlantirishning ijobiy tendensiyasini ta’minlaydi va SHHT doirasidagi hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirishga yordam beradi. Aynan shuning uchun ham Xitoy tomoni taklif etayotgan barcha loyihalar O‘zbekiston tashabbuslari bilan hamohang. Bu qarashlar mantiqan o‘zaro uyg‘un, bir-birini to‘ldiradi.

Uning fikricha, mamlakatimiz tashqi siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lgan SHHT ochiq, pragmatik va keng ko‘lamli o‘zaro manfaatlarga asoslangan hamkorlik yo‘lini davom ettirish uchun har qachongidan ko‘ra zarurroq ko‘p qirrali platforma sifatida namoyon bo‘lmoqda.

– Umuman, bizning Tashkilot doirasidagi sherikligimiz haqida so‘z borganda ta’kidlash joizki, O‘zbekiston SHHT Xartiyasining vaqt sinovidan o‘tgan mustahkam tamoyillariga tayangan mavjud hamkorligimiz kelajagiga qat’iy ishonch bilan qaraydi, – deya so‘zini yakunlagan N.Ubaydullayev.

O‘zA