Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakolatxonasida uyushtirilgan qator tadbir va muhim uchrashuvlarda ishtirok etdi.
Nyu-York shahrida Ombudsman BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) Ijrochi direktori o‘rinbosari Deyn Keyta bilan uchrashdi.
Suhbat avvalida D.Keyta O‘zbekiston mustaqilligining 33 yilligi bilan tabrigini izhor qilib, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning chuqurligi va ko‘lamini e’tirof etdi. Inson huquqlarini, jumladan, gender tenglikni ta’minlash, aholini, yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlarni oilaviy zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarning natijalarini ijobiy baholab, kuzatib borayotganini qayd eti.
Joriy yilning 14 fevral kuni Ombudsman BMT Aholishunoslik jamg‘armasi vakolatxonasining yangi tayinlangan rahbari Nigina Abaszade bilan uchrashganda hamkorlik rejalari belgilab olingan edi.
Deyn Keyta bilan muloqotda u ushbu rejalarni amalga oshirish va o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuvda istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi.
N.Abduraimova, O‘zA