Bu haqda Yevropa Ittifoqining mamlakatimizdagi delegatsiyasi axborot xizmati ma’lum qildi.

O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha komissari Yanush Voysexovskiyning tashrifidan ko‘zlangan maqsad YeIning O‘zbekiston va mintaqa bilan hamkorligini mustahkamlashga qaratiladi.

Komissar Voysexovskiy tashrifi chog‘ida “Dengizga chiqish yo‘llari bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar: oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror rivojlanish maqsadlari” mavzusidagi xalqaro forumda ishtirok etadi.

U o‘z chiqishida dengizga chiqish yo‘llari mavjud bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlarning qishloq xo‘jaligini boshqarishning barqaror usullari va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda Yevropa Ittifoqining qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha izchil sa’y-harakatlariga to‘xtalib o‘tadi.

Forum doirasida janob Voysexovskiy hukumat vakillari, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.

Ushbu uchrashuvlar qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, savdo-sotiq istiqbollari va barqaror qishloq xo‘jaligini ilgari surish bo‘yicha tashabbuslarni muhokama qilish imkonini beradi.

Mazkur tashrif Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston bilan izchil hamkorligi doirasidagi muhim qadam ekanligidan darak beradi.

Iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi va oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash hamda barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish kabi global muammolarni hal qilishda mushtarakligini tasdiqlaydi.

N.Ziyodullayeva tayyorladi,

O‘zA