Joriy yil 27 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlarga saylovlar o‘tkazilishi munosabati bilan joylarda mazkur siyosiy jarayonga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Xususan, partiyaning saylovlarda qatnashishi uchun imzo yig‘ishi jarayonlari ko‘tarinki ruhda tashkil etildi. Markaziy Saylov komissiyasi O‘zLiDePning saylovlarda qatnashishga ruxsat berdi.

Ayni kunlarda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi qaroriga muvofiq, hududlarda partiya tashkilotlarining konferensiyalari bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi partiya tashkilotining navbatdagi konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi partiya tashkilotining joriy yilda bo‘lib o‘tadigan parlament va mahalliy Kengashlar saylovida faol ishtirok etishi O‘zLiDePning yetakchi kuch sifatida mavqeyini yanada mustahkamlashi alohida qayd etildi.

Bugungi kunda O’zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi  partiya tashkiloti o‘z safida 113 ming 161 nafar a’zoni birlashtirgan. Ta’lim, fan, sog‘liqni saqlash, madaniyat, adabiyot va san’at sohasi hamda jamoat tashkilotlari, qolaversa, turli millat vakillari 1 ming 166 ta boshlang‘ich partiya tashkiloti atrofida jam bo‘lishgan. Xalq deputatlari Mahalliy Kengashlarda esa 143 nafar deputat faoliyat olib bormoqda. Ulardagi partiya guruhlari bevosita saylovchilarga yaqin, ular bilan birga nafas oladigan bo‘g‘in hisoblanadi. Aynan ularning faolligi bilan partiya saylovoldi dasturida belgilangan vazifalar ijrosi o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilmoqda.

2020-2024 yil davomida jami 4 mingdan ziyod uchrashuv tashkil etilib, 50 ming nafarga yaqin ishtirokchi qamrab olindi. Ularda tadbirkorlar va aholi tomonidan ko‘tarilgan muammolarning salkam 80 foizi deputatlar tomonidan ijobiy hal etildi.

Konferensiyada O‘zLiDeP tadbirkorlar va ishbilarmonlar uchun katta siyosiy kuchga aylangani, 1 ming 100 dan ortiq quyi bo‘g‘inlarda 113 ming nafardan ziyod a’zoni birlashtirgani ta’kidlandi. Partiyaning mamlakatimizda tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, mulkdorlar sinfini kengaytirish maqsadida amalga oshirgan sa’y-harakatlari xususida so‘z yuritildi.

Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi partiya tashkilotidan O‘zLiDePning I Kongressiga delegatlar saylandi. Tadbirkorlik, ilm-fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasida faoliyat yuritayotgan safdoshlarimiz partiyaning tarixiy anjumanida ishtirok etadi.

Yig‘ilish so‘nggida mazkur siyosiy jarayonda Qoraqalpog‘iston Respublikasi  partiya tashkiloti tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi. Kun tartibidagi masalalar ko‘rib chiqilib, ular yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.