Mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz uch yilligi arafasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida bir qator ijtimoiy soha ob’ektlarining foydalanishga topshirilishi aholiga bayram tuhfasi bo‘ldi.

Jumladan, Nukus shahrida Mudofaa ishlari boshqarmasi huzuridagi Yoshlarni chaqiruvga tayyorlash markazi, Amudaryo tumanida zamonaviy tug‘ruqxona majmuasi, To‘rtko‘l tumanida “Asl Smartum” nodavlat umumta’lim maktabi, Ellikqal’a tumanida “Bo‘ston Denim” korxonasi foydalanishga topshirildi.

Mudofaa ishlari boshqarmasi huzuridagi Yoshlarni chaqiruvga qadar tayyorlash markazi uchun yangi ob’ekt foydalanishga topshirilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda yurtimizda yoshlarni ona Vatanga muhabbat va sodiqlik ruhida tarbiyalash, ularning jismoniy chiniqqan, barkamol avlod bo‘lib kamolga kelishini ta’minlash borasida ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.

Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan “Mudofaa vazirligi tomonidan otaliqqa olingan yoshlar o‘rtasida Mudofaa vazirligi kubogi uchun” harbiy-vatanparvarlik majmuaviy musobaqalarining yakuni bo‘yicha g‘olib bo‘lgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxtako‘pir tumani “Atako‘l” ovul fuqarolar yig‘in yoshlaridan tashkil topgan jamoa a’zolariga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Mamlakatimizda tibbiyot sohasiga, jumladan, onalik va bolalikni muhofaza qilishda faoliyat olib borayotgan sog‘liqni saqlash muassasalarining samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Amudaryo tumanida 14,4 milliard so‘m mablag‘ asosida tug‘ruq majmuasi bunyod etildi.

Shu kuni To‘rtko‘l tumanida “Asl Smartum” nodavlat umumta’lim maktabining ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda, so‘zga chiqqanlar so‘nggi yillarda ta’lim sohasiga alohida e’tibor qaratilayotganligi, bu borada yoshlarni sog‘lom fikrli, bilimli va yetuk inson qilib tarbiyalashda ta’lim maskanlari qatorida nodavlat ta’lim maskanlarining ham ahamiyati ortib borayotganligi ta’kidlandi. Maktab qurilishiga 9 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Barcha sharoitlarga ega maktabda 440 nafar bola bilim oladi. Shuningdek, 42 nafar pedagog kadrning bandligi ham ta’minlandi.

Ellikqal’a tumanida 6,3 million AQSH dollari evaziga “Bo‘ston Denim” korxonasi tomonidan ip-kalava ishlab chiqarish, tikuv va bo‘yash sexlari foydalanishga topshirildi. Korxonada  200 ta ish o‘rni yaratilib, yiliga 5 million dona tekstil mahsuloti ishlab chiqariladi.

Mazkur inshootlarning ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev ishtirok etdi.

Dovud Abibullayev,  

O‘zA muxbiri.