Bu haqda Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan 1-3 sentyabr dam olish kunlariga to‘g‘ri kelmoqda.
Pensiya jamg‘armasi xabariga ko‘ra, yurtimizdagi keksa yoshdagi fuqarolarni, pensiya oluvchilarni, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda bayramni ko‘tarinki ruhda kutib olishlarini ta’minlash maqsadida, pensiya to‘lovlarini bank plastik kartasida oluvchi fuqarolarning joriy yil sentyabr oyi uchun pensiya to‘lovlari 1 sentyabr kuniga qadar ularning bank plastik kartalariga o‘tkazib beriladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida”gi Farmoni (PF-108-son) ga muvofiq, joriy yil sentyabr oyi pensiyalari miqdori 15 foizga oshirilgan holda to‘lanishi ta’minlanadi.
Naqd pul shaklida pensiya oluvchilarga to‘lovlar 4 sentyabr kunidan boshlab Xalq banki sayyor kassalari tomonidan grafikka muvofiq amalga oshiriladi.
O‘zA