Nukusda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi tashkilotining navbatdagi konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyada partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi a’zolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga va xalq deputatlari mahalliy Kengashlarga partiyadan saylangan deputatlar, partiya faollari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Shuningdek, unda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashining hisobot davridagi faoliyati, bo‘lib o‘tadigan saylovlarda munosib ishtirok etish va O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Qurultoyiga delegatlar saylash masalalari ko‘rib chiqildi.

Bugungi kunga kelib, partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshlang‘ich partiya tashkilotlari soni 849 tani, partiya a’zolari soni esa 44 ming180 nafarni tashkil qilmoqda. Hozirda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi fraksiya a’zolari soni 11 nafar, xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlarida 96 nafar, jami 107 nafar deputat faoliyat olib bormoqda. O‘tgan hisobot davrida elektorat manfaatlarini himoya qilish maqsadida Jo‘qorg‘i Kenges va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga partiyadan saylangan deputatlar 2 ming 255 ta deputatlik so‘rovini amalga oshirdi.

Uyushmagan yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish, “Ustoz-shogird” an’analarini rivojlantirish maqsadida mahallalarda istiqomat qilayotgan yoshlar, kam ta’minlangan oilalar farzandlari, nogironligi bo‘lgan, vaqtincha ishsiz xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘rgatish uchun “Xizmat – beminnat” loyihasi doirasida o‘tgan davr ichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha 170 ta bepul o‘quv kursi tashkil qilindi. Ularda 1 ming 120 nafar uyushmagan yosh va xotin-qizga qo‘shimcha bepul ta’lim berildi hamda kasb hunar o‘rgatildi.

Bugun yurtimizda bir nechta siyosiy kuchlarning faoliyat ko‘rsatayotgani jamiyatda sog‘lom raqobatni vujudga keltirib, ularni chinakamiga kurashga chorlamoqda. O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi bu jarayonda faol ishtirok etib, el nazarida bo‘lishga, chin ma’noda xalq ishongan partiyaga aylanishga astoydil harakat qilmoqda. Bunga erishish uchun, avvalo, partiya davr shiddatiga va bugungi kun talabiga mos holda ish olib borishi lozim.

Bir so‘z bilan aytganda konferensiyada partiya tashkilotining hisobot davridagi faoliyati tanqidiy-tahlil qilindi va chora-tadbirlar belgilab olindi. Xususan, partiya safini g‘oya hamda maqsadlarga ishongan tashabbuskor va izlanuvchan fuqarolar hisobiga doimo to‘ldirib borish, ularning siyosiy-huquqiy bilim va ko‘nikmalarini yuksaltirish maqsadida tadbirlar sifatini oshirish yuzasidan chora-tadbirlar belgilab olindi hamda saylovlarda munosib ishtirok etish lozimligi ta’kidlandi.

Konferensiya kun tartibida boshqa masalalar ham atroflicha muhokama etildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.