O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan “Mudofaa vazirligi tomonidan otaliqqa olingan yoshlar o‘rtasida Mudofaa vazirligi kubogi uchun” harbiy-vatanparvarlik majmuaviy musobaqalarining yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining kubogi qoraqalpog‘istonlik yoshlar tomonidan qo‘lga kiritildi.

Toshkent shahridan kelgan g‘olib jamoa va Mudofaa vaziri kubogi “Nukus” temir yo‘l vokzalida tantanali kutib olindi.

Unda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Farhodjon Shermatov, g‘olib jamoa va ularning yaqinlari hamda keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.

So‘zga chiqqanlar yoshlarga e’tibor, ko‘mak berilsa, imkoniyatlar yaratilsa, albatta, mana shunday muvaffaqiyatlar qo‘lga kiritilishini ta’kidladi. Shuningdek, 2024 yilda Mudofaa vazirligiga yurtimizdagi jami 9 ming 448 mahalladan 2 ming 546 mahallaning 1 million nafardan ko‘proq yoshi biriktirilgan bo‘lib, ular bilan manzilli ishlash tizimi yaratilgani e’tirof etildi. Musobaqa adolatli va shaffof tashkil etilgani, yoshlarning Toshkent shahridagi Qurolli Kuchlar akademiyasida yashashi uchun Mudofaa vazirligi tomonidan barcha qulay sharoitlar muhayyo etilgani ham alohida tilga olindi.

“Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida tashkil etilgan musobaqadan ko‘zlangan maqsad Mudofaa vazirligi tomonidan otaliqqa olingan yoshlarni harbiy-amaliy sport musobaqalariga keng jalb qilish, o‘zaro madaniy-sport aloqalarni yo‘lga qo‘yish, intellektual salohiyatini oshirish, eng asosiysi, hayotda adashgan yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga qaytarishga ko‘maklashishdan iboratdir.

Mudofaa vazirligi tashabbusi bilan O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi, Yoshlar ishlari agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari Federatsiyalari bilan hamkorlikda vazirlik tomonidan otaliqqa olingan mamlakatimizning yoshlari ishtirokidagi musobaqalar uch bosqichda tashkil qilindi. Yakuniy bosqichda 14 jamoa “Mardlar safidaman!” shiori ostidagi harbiy-vatanparvarlik ruhidagi qo‘shiqlar tanlovi, “Harbiylashtirilgan estafeta”, “Arqon tortish” va “Zakovat” intellektual o‘yinlari bo‘yicha o‘z bilim va salohiyatini namoyish etdi.

Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumani “Atako‘l” ovulidan musobaqada ishtirok etgan yoshlar bellashuvning “Zakovat” intellektual o‘yini hamda “Mardlar safidaman!” shiori ostidagi harbiy-vatanparvarlik ruhidagi qo‘shiqlar tanlovida yuqori natijaga erishib, qolgan shartlarda muvaffaqiyatli ishtirok etgani uchun bellashuv shohsupasining eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi yoshlaridan tashkil topgan jamoa birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rin Navoiy viloyati yoshlariga nasib etdi. Sirdaryolik ishtirokchilar jamoasi uchinchi o‘rin bilan musobaqani yakunladi.

“Nukus” temir yo‘l vokzalidan Taxtako‘pir tumaniga yo‘l olgan g‘olib jamoa tuman Madaniyat markazi oldida ota-onalar va yaqinlari tomonidan qizg‘in kutib olindi. Ular sharafiga iliq so‘zlar aytilib, Prezidentimizning yoshlarga berayotgan e’tibori va g‘amxo‘rligi uchun minnatdorlik bildirildi. Mudofaa vaziri kubogi va qimmatbaho sovg‘alar bilan mukofotlangan g‘olib yoshlar tuman hokimligi tomonidan ham esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Eslatib o‘tamiz, Mudofaa vazirligi tomonidan respublika yoshlari o‘rtasida o‘tkazib kelayotgan harbiy-sport musobaqalarda bunday yuksak natijalarga qoraqalpog‘istonlik yoshlar ilk marotaba erishayotgani yo‘q. 2021 yilda ilk marotaba o‘tkazilgan “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining yakuniy bosqichida ham Qoraqalpog‘iston Respublikasi sharafini himoya qilgan Kegeyli tumanidagi 41-sonli maktab yoshlari yuksak natijalarga erishib, 1-o‘ringa sazovor bo‘lishgan edi.

Oradan roppa-rosa 3 yil o‘tib “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasida mudofaa vaziri kubogini ikkinchi marotaba Qonliko‘l tumanining 2-sonli maktabining “Lochin” jamoasi yana Qoraqalpog‘iston zaminiga olib keldi. Shunday qilib, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining uchta kubogi ayni vaqtda Qoraqalpog‘iston Respublikasi yoshlari tomonidan ishonchli qo‘lga kiritildi.

Timur NARZIEV,

podpolkovnik, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati boshlig‘i.

O‘zA.