Tadbirkorlar kuni munosabati bilan davlatimiz rahbarining farmoni asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 2 nafar tadbirkor orden va medal, tegishli farmoyishiga asosan 6 nafari “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Ular orasida To‘rtko‘l tumanidagi “To‘rtko‘l shisha idishlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi Xurshid Yuldashev ham mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, sohada yangi va istiqbolli loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, yurtimizning iqtisodiy qudrati va eksport salohiyatini yuksaltirishga qo‘shayotgan katta hissasi uchun “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Farmatsevtika va oziq-ovqat sanoatida ishlatiladigan shisha idishlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “To‘rtko‘l shisha idishlari” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan 2021-2023 yillarda 348 tonna mahsulot ishlab chiqarildi. Shu davrda jami 43 milliard 200 million so‘m daromad qilib, shundan 14 milliard 299 million so‘m sof foyda olishga erishildi. Bugungi kunga kelib korxonada jami 180 ta ish o‘rni yaratilgan.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 30 sentyabrdagi “Tadbirkorlik sub’ektlarining eksport salohiyatini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida “Yangi O‘zbekiston – raqobatbardosh mahsulotlar yurti” dasturining amalga oshirilishi tadbirkorlarga yanada keng imkoniyat bermoqda. Ushbu imtiyozlardan foydalangan holda korxona tomonidan 2023 yilda 750 ming, joriy yilning o‘tgan oylari mobaynida 550 ming AQSH dollari miqdoridagi mahsulot Turkmaniston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Rossiya hamda Gruziya davlatlariga eksport qilindi.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan Nukus shahrida o‘tkazgan navbatdagi ochiq muloqoti soha xodimlariga yanada keng imkoniyatlar beradi, – deydi “Shuhrat” medali sohibi Xurshid Yuldashev. – Davlatimiz rahbarining muloqotdagi “Hali imkoniyatlarimiz bundan bir necha karra ko‘p. Eng muhimi, ularni ishga solishga qodir bo‘lgan sizdek vatanparvar va jonkuyar tadbirkorlarimiz bor”, – degan e’tirofi bizning har birimizga g‘urur bag‘ishlashi bilan birga katta mas’uliyat ham yuklaydi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.